×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Malayziya kompaniyasi Toshkent viloyatida misni qayta ishlash loyihasini amalga oshiradi

Mamlakatimizning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi ko‘magida Malayziyaning “LJACK” kompaniyasi ijrochi direktori Tyu Sing Chyu, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Najmiddinxo‘ja Sharipov hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi vakillari o‘rtasida Toshkent viloyatida misni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari muhokamasiga bag‘ishlangan videomuloqot tashkil etildi.

Onlayn tadbir davomida Malayziya tomoniga ushbu mahsulotni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish uchun xom-ashyo xarid qilish tartibi, shuningdek, loyiha uchun yer ajratilishi, mavjud infratuzilma va ishchi kuchlari to‘g‘risidagi batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

O‘z navbatida, Malayziya kompaniyasi rahbari ushbu loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishini, birinchi bosqichda loyihaning qiymati 2 million dollar atrofida bo‘lishi, mahsulotlar to‘lasincha eksport qilinishini maʼlum qildi.

Muzokaralar natijasida tomonlar o‘rtasida loyihani amalga oshirish imkoniyatini o‘rganish uchun Malayziya kompaniyasi rahbarining Toshkent viloyatiga safarini uyushtirish yuzasidan  kelishuvga erishildi.

Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, 1998 yilda asos solingan “LJACK” kompaniyasi oziq-ovqat mahsulotlari (sharbatlar,oziq-ovqat qo‘shimchalari), shuningdek, dorivor o‘simliklarni chuqur qayta ishlash asosida dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya mahsulotlari nafaqat Janubiy Sharqiy Osiyo mintaqasi, balki jahonning 20dan ortiq mamlakatiga eksport qilinadi. Kompaniya yangi mahsulot turlarini ishlab chiqish va ishlab chiqarish tizimini muntazam takomillashtirib borishga xizmat qiladigan tadqiqot markaziga ham ega.

 

Manba: dunyo.uz