×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Yaponiya va O’zbekiston bir qator sohalar bo’yicha munosabatlarni chuqurlashtirishmoqchi

Joriy yilning 1 avgust kuni O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Yaponiya vakillar palatasi (Parlamentning quyi palatasi) deputati Keyji Furuya bilan uchrashdi.

Muzokaralar davomida tomonlar o’zaro hamkorlikning dolzarb masalalarini hamda uni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. O’zbekiston tomoni ilgari erishilgan barcha kelishuvlarni to’liq amalga oshirish va mamlakatlararo munosabatlarga o’ziga xos faollik va jo’shqinlik baxsh etish maqsadida Yaponiya parlamenti bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarning yuqori darajasini va uning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga ijobiy ta’sirini ta’minlashda qonun chiqaruvchi organlarning muhim roli qayd etildi. Shu munosabat bilan tomonlar Yaponiya Parlamentining Do’stlik ligasi va Parlamentlararo hamkorlik guruhi faoliyatini jadallashtirish orqali parlament diplomatiyasini izchil kengaytirishga tayyorliklarini bildirdilar.

Muzokaralar yakunida tomonlar davlat boshqaruvi tizimida demokratik asoslarni kengaytirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari ustidan parlament nazoratini amalga oshirish va, boshqa yo’nalishlar bilan bir qatorda, biznes va investorlar bilan munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik bazasini takomillashtirish bo’yicha tajriba almashishni yo’lga qo’yish muhimligi to’g’risida yakdil fikrga keldilar.

 

Manba: mift.uz