×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Rossiya Federatsiyasi bilan ko’p qirrali hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 1-2 sentyabr kunlari O’zbekiston hukumati delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Rossiya Federatsiyasi Hukumati a’zolari bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, shuningdek, transport va qishloq xo’jaligi sohalaridagi munosabatlarning hozirgi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokamasiga bag’ishlangan uchrashuvlar va muzokaralar o’tkazdi.

Shunday qilib, 1 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o’rinbosari Denis Manturov bilan bo’lib o’tgan muzokaralar chog’ida o’zbek ishlab chiqaruvchilarining to’qimachilik sanoati mahsulotlari, maishiy texnika va qurilish materiallarini Rossiya bozoriga etkazib berish hajmini oshirish imkoniyatlari birgalikda tahlil qilindi. Bundan tashqari, ikki mamlakat korxonalari o’rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan qo’shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayoni batafsil ko’rib chiqildi.

Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o’rinbosari Aleksey Overchuk bilan bo’lib o’tgan suhbat chog’ida savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda xalqaro transport-logistika kommunikatsiyalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Rossiya Federatsiyasining iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan uchrashuvda yuqori qo’shilgan qiymatga ega mahsulotlarni o’zaro yetkazib berishni ko’paytirish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish va o’zbek-rossiya hamkorligining kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, joriy yilda bo’lib o’tadigan ikki tomonlama tadbirlarni o’tkazishni muhokama qilishdi.

2 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o’rinbosari Viktoriya Abramchenko bilan bo’lib o’tgan uchrashuv oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini o’zaro etkazib berishni ko’paytirish masalalariga bag’ishlandi. Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar-iyul oylarida O’zbekiston Respublikasidan Rossiya Federatsiyasiga qishloq xo’jaligi mahsulotlari eksporti 2021 yilning shu davriga nisbatan 52 foizga o’sib, 222,5 million dollarni tashkil etdi. Ushbu yo’nalishda o’zaro aloqalarni rivojlantirish bo’yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, 1-2 sentyabr kunlari Energetika vazirligi, Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo’jaligi vazirligi, “Rossiya temir yo’llari” OAJ rahbariyati, shuningdek Rossiyaning yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar bo’lib o’tdi. Muzokaralarda qishloq xo’jaligi, O’rta Osiyoda transport-logistika kommunikatsiyalarini rivojlantirish, shuningdek, boshqa o’zaro manfaatli masalalar bo’yicha hamkorlikni chuqurlashtirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishildi.

 

Manba: mift.uz