×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Makroprognozlash va iqtisodiy tadqiqotlar instituti (MITI) mutaxassislari 2017-2022-yillarda O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari va ularning samaradorligini tahlil qildi.

Keyingi yillarda mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirish, iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, investorlarning huquq va manfaatlarini qonuniy himoya qilish maqsadida yangi “Soliq kodeksi”, “Investitsiyalar va investisiya faoliyati to‘g‘risida”gi, “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.

Investorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Xalqaro Toshkent arbitraj markazi tashkil etildi, “investitsiya krediti”, “investitsiya subsidiyasi”, “investitsiya vizasi” kabi yangi mexanizmlar joriy etildi.

Agar 2017 yil boshiga qadar mamlakatimizda atigi 3 ta erkin iqtisodiy zona (EIZ) faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib ularning soni 22 taga yetdi. Ulardan ixtisoslashuvi bo‘yicha: 12 ta EIZ sanoat, 6 tasi farmatsevtika, 2 tasi turizm va 2 tasi qishloq xo‘jaligidir. .

Qonunchilikdagi o‘zgarishlar va yaratilgan imkoniyatlar mamlakatdagi sarmoyaviy muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, 2019-yilda O‘zbekiston birinchi marta OECDning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bo‘yicha tartibga soluvchi cheklovlar indeksiga kiritilib, 2020 yilga kelib dunyoda 43-o‘rinni, Osiyo mintaqasida 7-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston 2017-2022 yillarda Iqtisodiy erkinlik indeksining jahon reytingida o‘z o‘rnini 31 pog‘onaga yaxshiladi va 148-o‘rindan 117-o‘ringa ko‘tardi.

Respublikaga kiritilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 2022-yil yakuniga koʻra 2017-yilga nisbatan 1,5 barobar oshib, 3,3 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

 

Manba:t.me