×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Malayziya kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Joriy yilning 24-yanvar kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarini jalb etish agentligi direktori o‘rinbosari O. Elmuratov va Malayziyaning “Frazer&Neave Holdings BHD–F&N” va “Rafahia Holdings Berhard” kompaniyalari vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining investitsion salohiyati va muhitiga bag‘ishlangan taqdimot materiali namoyish etildi. Taqdimot doirasida xorijiy kompaniyalar vakillari investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan so‘nggi muhim islohotlar, investitsiya faolligini jadallashtirishga qaratilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsadlari, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar, preferensiyalar va shart-sharoitlar bilan tanishdilar.

Shu bilan birga, “Frazer&Neave Holdings BHD–F&N” vakili ham xolding faoliyatiga oid taqdimot materialini taqdim etdi. Xorijiy kompaniya vakillari bozorni o‘rganish va bozorga chiqish istiqbollarini o‘rganish, xususan, kelgusida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘rib chiqilishi haqida ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun: “Frazer&Neave Holdings BHD–F&N” 1883 yilda tashkil etilgan va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning Malayziya va Tailandda 13 ta ishlab chiqarish quvvati mavjud bo‘lib, o‘z mahsulotlarini 93 ta davlatga eksport qiladi.

“Rafahia Holdings Berhard” vakillari bilan kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyati, xususan, oltin qazib olish faoliyati va kelgusidagi istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kompaniyalarning O‘zbekistondagi investitsiya faoliyati doirasida kelgusida hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib oldilar.