×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

O‘zbekiston va AQSh ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi arafasida joriy yilning 15-sentabr kuni Vashingtonda O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va investitsiya tuzilmalari rahbarlari, shuningdek, AQShning AKT, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, transport, bank ishi va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan yirik korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi boshqaruvi raisi Kerolin Lemm, AQSh EXIM-Banki prezidenti Reta Jo Lyuis va Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Das Mark Pommersheim so‘zga chiqdi.

Spikerlar o‘z nutqlarida ikki mamlakat rahbariyatlarining siyosiy irodasi, hukumatlar va ishbilarmon doiralarning doimiy hamkorligi natijasida o‘zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar jadal sur’atlarda rivojlanib borayotganligini ta’kidladilar.

O‘zbekiston tomoni iqtisodiyot, savdo, sanoatni rivojlantirish va sarmoyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha erishilgan muhim yutuqlarni taqdim etdi. Xususan, boshqa faktlar qatorida erkin bozor va sog‘lom raqobat mexanizmlari yaratilgani, tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish, energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha islohotlar amalga oshirilgani, iqtisodiyotda davlat ishtirokining qisqargani va keng ko‘lamli xususiylashtirish jarayonlari boshlangani qayd etildi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli O‘zbekiston xalqaro investitsiya doiralari, jumladan, Amerika investorlari o‘rtasida sarmoya kiritish uchun jozibador manzilga aylandi. Bugungi kunda O‘zbekistonda AQShning 300 ta kompaniyasi faoliyat yuritmoqda, bu 2017 yildagi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. Mamlakatimiz iqtisodiyotining avtomobilsozlik – “General Motors”, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish – “John Deer”, “CNH”, gaz ishlab chiqarish – “Air Products”, qishloq xo‘jaligi – “Silverleafe” va boshqa sohalarida AQSh kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, tog‘-kon sanoati, kimyo va energetika sanoati, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektronika, axborot texnologiyalari kabi iqtisodiyot tarmoqlari qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi. Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va uni uchinchi davlatlarga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishda katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Ikki davlat oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish muhimligi, barcha qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda davlat idoralarining har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi taʼkidlandi.

Tadbir davomida global raqobat, ta’minot zanjiri barqarorligini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish, strategik prognozlash, xususiylashtirish va moliyaviy-texnik hamkorlik masalalari bo‘yicha alohida sessiyalar o‘tkazildi.

Biznes-forum O‘zbekiston va AQSH vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va yetakchi kompaniyalari rahbarlarining “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlari bilan davom etdi. Unda ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldilar.

Tadbir yakunida energetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy-texnik hamkorlik, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalarda 12 ta hujjat imzolandi.

miit.uz