Nega O'zbekiston

TBC Uzbekistan

TBC Uzbekistan

TBC Uzbekistan Markaziy Osiyodagi yetakchi raqamli bank ekotizimlaridan biri bo‘lib, 22 million nafar ro‘yxatdan o‘tgan noyob foydalanuvchiga ega hamda O‘zbekistonning moliya va texnologiya sohalariga salmoqli xalqaro investitsiyalarni jalb etmoqda.

TBC Uzbekistan bank xizmatlari, kreditlash, to‘lov tizimlari, sug‘urta va biznes uchun moliyaviy yechimlarni taklif etuvchi raqamli moliyaviy xizmatlar ekotizimidir. Uning tarkibiga TBC Bank, Payme raqamli to‘lov platformasi, TBC Nasiya va TBC Insurance kiradi. Kompaniya O‘zbekiston aholisining 50 foizidan ortig‘iga teng bo‘lgan 22 million nafar ro‘yxatdan o‘tgan noyob foydalanuvchiga ega bo‘lib, raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.

TBC Uzbekistan faoliyatini boshlaganidan atigi ikki yil o‘tib daromadlilikka erishdi va mamlakat moliya sektorida jadal o‘sishni namoyon etdi. 2024-yilda kompaniyaning daromadi 152 million AQSH dollarini, sof foydasi esa 41 million AQSH dollarini tashkil etdi. 2025-yil iyun holatiga ko‘ra, kredit portfeli qariyb 905 million AQSH dollariga, depozitlar hajmi esa 492 million AQSH dollariga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan tegishli ravishda 112 va 92 foizga o‘sdi.

2025-yilda TBC Group chakana savdoni boshqarish platformasi BILLZ hamda yetakchi onlayn e'lonlar platformasi OLX Uzbekistan kompaniyalarining nazorat ulushlarini sotib olishini e'lon qildi. Bu raqamli ekotizimni yanada kengaytirishga xizmat qildi. Kompaniya, shuningdek, sun'iy intellekt texnologiyalarini, jumladan, o‘zining nutqni tanib olish tizimlari va til modellarini rivojlantirishga 15 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ yo‘naltirdi. 2025-yilning birinchi yarmiga kelib, sun'iy intellektga asoslangan agentlar to‘lov muddati yaqinda o‘tgan mijozlarga eslatma qo‘ng‘iroqlarining 90 foizidan ortig‘ini amalga oshirib, operatsion samaradorlikni oshirdi.

TBC Bank Group va uning xalqaro hamkorlari, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) O‘zbekiston iqtisodiyotiga 460 million AQSH dollaridan ortiq investitsiya kiritgan. Guruhning London fond birjasidagi listingi xalqaro investorlarga O‘zbekistonning rivojlanayotgan moliya sektoriga investitsiya kiritish imkoniyatini ham yaratmoqda. 2025-yil iyul oyida TBC Uzbekistan CNBC va Statista tomonidan har yili e'lon qilinadigan dunyoning yetakchi fintex kompaniyalari ro‘yxatiga kiritilgan Markaziy Osiyodagi birinchi kompaniya bo‘ldi. Bu O‘zbekistonning mintaqaviy moliyaviy texnologiyalar markazi sifatidagi mavqei mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.

Shikoyat yoki takliflaringiz bormi?

Bu yerda tizim haqida fikr qoldirishingiz yoki shikoyat qilishingiz mumkin