O‘zbekiston va Wildberries logistika majmuasi bo‘yicha kelishuv imzoladi
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Wildberries kompaniyasi bilan respublikada «A» toifasidagi logistika majmuasini qurish bo‘yicha investitsiya kelishuvini imzoladi. Kelishuv 6-oktabr kuni Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha imzolandi.
Vazirlik matbuot xizmati ma’lum qilishicha, yig‘ilish yakunida jami to‘rtta kelishuv imzolangan. Ular orasida Farg‘ona va Omsk viloyatlari, Surxondaryo viloyati va Krasnoyarsk o‘lkasi, shuningdek, Namangan viloyati va Dog‘iston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar ham mavjud.
Marketpleys loyihani 2027–2028-yillarda Toshkent viloyatida amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Majmuaning maydoni 180 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Loyiha qiymati 140 million AQSh dollariga baholanmoqda.
Sentabr oyida Wildberries & Russ matbuot xizmati «Ъ FM» nashriga boshqa mamlakatlarda ham obyektlar qurish bo‘yicha rejali ishlar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.
«Hozirda barcha sa’y-harakatlar hamkorlarimizning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash maqsadida tovarlarni turli omborlar o‘rtasida qayta taqsimlashga qaratilgan», — deya ta’kidlagan kompaniya vakillari.
Xususan, marketpleys o‘z quvvatlarining bir qismini Qozog‘istonga ko‘chirmoqda.