13-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Sumitomo Corporation kompaniyasi prezidenti va bosh direktori Shingo Ueno hamda Shikoku Electric Power kompaniyasi prezidenti Yoshihiro Miyamoto bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Sumitomo Corporation – metallurgiya, tabiiy resurslar, energetika, infratuzilma, transport, avtomobilsozlik, shuningdek, media va raqamli texnologiyalar sohalariga ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli kompaniya. Kompaniyaning 63 ta mamlakat va hududda 125 ta ofisi mavjud.
Shikoku Electric Power – telekommunikatsiya xizmatlari, IT-yechimlar, muhandislik va qurilish sohalarida ham faoliyat yurituvchi yirik energetika kompaniyalaridan biri. Kompaniya dunyoning 10 dan ortiq mamlakatida loyihalarni amalga oshiradi.
Tomonlar Samarqand viloyatida quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida shamol elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini qurish loyihalarining amalga oshirilish jarayonini ko‘rib chiqdilar.
Elektr uzatish liniyalari uchun po‘lat troslar ishlab chiqarish, tez tibbiy yordam avtomobillarini yetkazib berish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda erkin iqtisodiy zonalarni boshqarishda Yaponiya tajribasini joriy etish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.