7-aprel kuni Madrid shahrida O‘zbekiston-Ispaniya biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda har ikki mamlakatning ishbilarmon doiralari, moliya institutlari va davlat idoralari vakillari jam bo‘ldi.

Forum ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida investitsiya, sanoat va texnologiyalar sohalarida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish uchun muhim maydonga aylandi.

Investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori vaqtincha vazifasini bajaruvchi Roksana Nesor O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati va o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. Nutq davomida xorijiy investorlar uchun ustuvor sohalar, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston-Ispaniya hamkorligini kengaytirish uchun aniq imkoniyatlar belgilab olindi.

Tadbir doirasida Ispaniyaning bir qator yetakchi kompaniyalari, jumladan, CAF (Construcciones y Auxiliar de Ferrocarriles, S.A.), Novargi Spain, Banco Santander, Kern S&D bilan maqsadli muzokaralar o‘tkazildi. Transport infratuzilmasi, energetika, sanoat va barqaror rivojlanish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvlar yakunida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalar portfelini ishlab chiqish va ispaniyalik manfaatdor sheriklar bilan muzokaralarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.