Nashrlar

O‘zbekistonning yashil energetikani rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari va Yaqin Sharq investorlarining rol

4 daqiqalik o'qish

Markaziy Osiyoning eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotiga ega O‘zbekiston bugungi kunda tub o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan mamlakatdir. 1991-yildan buyon mustaqil bo‘lgan yosh davlatga xos g‘ayrat va nekbinlik bilan O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini tubdan yangilamoqda va yangi yo‘nalishga burmoqda. Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilda boshlangan keng ko‘lamli islohotlar dasturi o‘z miqyosi va qamrovi jihatidan misli ko‘rilmagan darajadadir.

O‘zbekistonning yirik davlat korxonalarini xususiylashtirish, xorijiy investitsiyalar hajmini keskin oshirish hamda mamlakatdagi yosh, fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) yo‘nalishlarida bilimga ega ishchi kuchidan foydalanib, rivojlangan texnologiyalar bozorini shakllantirish — bularning barchasi haqiqiy o‘zgarishlarga olib boradigan yo‘l xaritasidir.

Biroq ushbu istiqbolli o‘zgarishlar va ular natijasida erishilayotgan ta’sirchan iqtisodiy ko‘rsatkichlar — O‘zbekiston 2024-yilda yalpi ichki mahsulotining 6,5 foizga o‘sishi va nominal YAIM hajmining 115 milliard dollarga yetishi — bitta muhim va ajralmas sohaga tayanadi. Bu — energetika.

Zamonaviy, murakkab iqtisodiyotga ega hech bir mamlakat o‘zining energetika bazasini e’tiborsiz qoldira olmaydi. An’anaviy sanoat ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishdan tortib, yangi raqamli iqtisodiyot va xizmatlar sohasini energiya bilan ta’minlashgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda XXI asr taraqqiyoti har qachongidan ham ko‘proq energiyaga bog‘liq.

Hukumatimiz bu haqiqatni yaxshi anglaydi. Bundan tashqari, biz O‘zbekistonning tabiiy energetika salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan ikki yo‘nalishli strategiyani amalga oshirishga qat’iy bel bog‘laganmiz. Bu strategiya bir vaqtning o‘zida mamlakatda yashil energiya ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda xalqaro tajriba va moliyaviy resurslar ko‘magida mavjud energetika aktivlarini modernizatsiya qilishni nazarda tutadi.

Hukumat strategiyasining ikkinchi yo‘nalishi shu oyning o‘zidayoq muhim va tarixiy muvaffaqiyatga erishdi. Fevral oyi boshida O‘zbekiston Milliy investitsiya fondini (UzNIF) global aktivlarni boshqarish sohasidagi yirik kompaniya — Franklin Templeton boshqarishi e’lon qilindi. Bu qaror hukumatimiz O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ilg‘or va zamonaviy korporativ boshqaruv hamda operatsion faoliyat standartlarini joriy etishga qat’iy intilayotganini ko‘rsatadi.

UzNIF fondi 18 ta davlat korxonasini birlashtiradi. Franklin Templeton ushbu korxonalarning umumiy qiymatini 1,5 milliard AQSh dollariga baholamoqda. Fond tarkibidagi energetika aktivlari alohida e’tiborga loyiq bo‘lib, ular portfelning qariyb 30 foizini tashkil etadi.

Ushbu aktivlarni kelajakda xalqaro investorlar uchun jozibador qilish maqsadida Franklin Templeton transformatsiya strategiyalarini amalga oshiradi. Natijada mamlakatning mavjud elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash infratuzilmasi sezilarli darajada takomillashtiriladi.

Biroq O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchiligi, ayniqsa, yashil energetika sohasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu yo‘nalishda ham hukumatning ulkan maqsadlari amaliy harakatlarni jadallashtirdi: 2030-yilga borib mamlakatimiz energiya balansida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz.

Bundan tashqari, ushbu maqsadga erishishimizda Yaqin Sharq mamlakatlari kompaniyalari bilan hamkorligimiz muhim rol o‘ynamoqda.

Masalan, ACWA Power kompaniyasi O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tishini faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. So‘nggi yillarda hamkorligimiz ko‘pchilik kutganidan ham keng ko‘lamda rivojlandi. Bugungi kunda O‘zbekiston ACWA Power uchun uning vatani Saudiya Arabistonidan keyingi eng yirik bozorga aylangan.

Kompaniyaning O‘zbekistondagi jami 13,9 milliard dollarlik investitsiyalari mamlakat bo‘ylab amalga oshirilayotgan 15 ta loyiha doirasida taqsimlangan. Markaziy Osiyodagi eng yirik batareya energiya saqlash tizimidan tortib, ilg‘or yashil vodorod loyihasigacha, shuningdek, shamol elektr stansiyasi va quyosh elektr stansiyasigacha bo‘lgan loyihalar ACWA Power bilan hamkorligimiz qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi salohiyatimizni tarixiy darajaga olib chiqmoqda.

Masdar kompaniyasi ham O‘zbekistonga dastlabki investitsiya kiritgan xorijiy kompaniyalardan biridir. Hozirda mamlakatimizda Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasiga hamda mintaqadagi eng yirik quyosh energetikasi loyihalariga ega. Bundan tashqari, kompaniyaning O‘zbekiston bo‘ylab elektr energiyasini sanoat miqyosida ishlab chiqarishga mo‘ljallangan uchta quyosh elektr stansiyasi ham mavjud.

Bularning o‘zi ham yetarli bo‘lmagandek, 2022-yilda Toshkent xalqaro investitsiya forumida (TIIF) Nebras Power kompaniyasi O‘zbekistonning markaziy hududida Sirdaryo II kombinatsiyalashgan siklli gaz-issiqlik elektr stansiyasini qurish va keyinchalik undan foydalanish to‘g‘risidagi qarorini rasman e’lon qildi.

Shuningdek, 2025-yil 10–12-iyun kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida yangi kelishuvlar tuzilishini kutmoqdamiz. Ushbu forum butun dunyodan investorlarni bir joyga to‘plab, O‘zbekiston taqdim etayotgan salmoqli investitsiya imkoniyatlarini namoyish etishga xizmat qiladi.

Bu O‘zbekistonda hozirda amalga oshirilayotgan qayta tiklanuvchi energetika loyihalarining to‘liq ro‘yxati emas. Shunga qaramay, u aniq bir tendensiyani ko‘rsatadi: Yaqin Sharq investitsiyalari mamlakatimiz uchun nafaqat yashil energiya manbalarini rivojlantirishda, balki iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalash yo‘lida ham ajralmas ahamiyat kasb etmoqda.

Yaqin Sharq mamlakatlari hukumatlari va kompaniyalari bilan hamkorligimiz faqat geografik yaqinlikka asoslanmagan. Islom sivilizatsiyasining buyuk ilmiy va badiiy yutuqlaridan ayrimlari aynan O‘zbekiston zaminida yuzaga kelgan. Bunga Samarqanddagi ko‘plab tarixiy masjidlarning mahobati hamda algebra faniga asos solgan buyuk matematik Al-Xorazmiy (milodiy 780–850-yillar) misol bo‘la oladi. Al-Xorazmiy Xiva farzandi bo‘lgan.

 

Keling, O‘zbekiston va Yaqin Sharqning buyuk davlatlari o‘rtasida savdo va investitsiyalar bilan bir qatorda bilim hamda texnik tajriba almashinuvi ham rivojlanadigan kelajakni birgalikda barpo etishga intilaylik. Zero, bunday aloqalar asrlar davomida mavjud bo‘lib kelgan.

Source: Utilities Middle East

Shikoyat yoki takliflaringiz bormi?

Bu yerda tizim haqida fikr qoldirishingiz yoki shikoyat qilishingiz mumkin