O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov mamlakat iqtisodiyotidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar haqida
Markaziy Osiyoning eng tez rivojlanayotgan va eng diversifikatsiyalashgan iqtisodiyoti islohotlar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (FDI) o‘sishi va yuqori iqtisodiy sur’atlar ta’sirida tubdan o‘zgarmoqda. Global Finance jurnali O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov bilan suhbatlashdi.
Global Finance: So‘nggi sakkiz yil davomida O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar yuz berdi va kelgusida yana qanday maqsadlarga erishmoqchisiz?
Laziz Kudratov: 2016-yilda boshlangan o‘zgarishlar davom etmoqda. 2023-yilda yalpi ichki mahsulotimiz (YAIM) 6 foizga, 2024-yilning birinchi yarmida esa 6,4 foizga o‘sdi. Biznes yuritish uchun qulayroq muhit yaratish bilan bir qatorda, qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) 20 foizdan 12 foizga tushirish va maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish kabi muhim islohotlarni amalga oshirdik. Natijada xorijiy investorlar uchun jozibador mamlakat sifatidagi mavqeyimizni mustahkamladik.
Biz valyuta kurslarini birxillashtirdik va valyuta bozorini liberallashtirdik. Bu xalqaro hamkorlar uchun O‘zbekistonda biznes yuritishni, jumladan, davlat-xususiy sheriklik va autsorsing orqali faoliyat olib borishni osonlashtirdi.
Shuningdek, Toshkent IT Parkining tashkil etilishi bilan O‘zbekiston axborot texnologiyalari markaziga aylandi. Mamlakatimizning elektron tijorat platformasi bo‘lgan ilk «yakkashox» kompaniyasi — *Uzum*ning qiymati hozirda 1 milliard dollardan oshgan. «Yakkashox» — bozor qiymati 1 milliard dollardan yuqori bo‘lgan xususiy startap kompaniyaga nisbatan ishlatiladigan atama.
Yashil energetika sohasida Markaziy Osiyoda yetakchiga aylanishga intilmoqdamiz. Yaqinda ACWA Power kompaniyasidan umumiy quvvati 9,6 gigavatt bo‘lgan shamol va quyosh energetikasi loyihalari uchun 13,1 milliard dollarlik investitsiya jalb qilishga erishdik. Shuningdek, Masdar bilan umumiy quvvati 2 gigavatt bo‘lgan yashil energetika loyihalari bo‘yicha 1,7 milliard dollarlik investitsiyalarni nazarda tutuvchi hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Bu energiya balansimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirishga qaratilgan kengroq strategiyamizning muhim qismidir.
So‘nggi to‘rt yil ichida umumiy quvvati 18,6 gigavatt bo‘lgan yashil energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha jami 35 ta bitim imzolandi. Bu yanada barqaror energetika kelajagini yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Kelgusida investorlar huquqlarini mustahkamlash, shaffoflikni oshirish va biznes samaradorligini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha huquqiy islohotlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz. Jahon iqtisodiyotiga, xususan, Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish orqali yanada chuqurroq integratsiyalashish natijasida O‘zbekiston mintaqaviy va global miqyosda faol iqtisodiy kuchga aylanishni maqsad qilgan.
GF: O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng diversifikatsiyalashgan iqtisodiyot hisoblanadi. Bu iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda ustunlik berdimi?
Kudratov: Diversifikatsiya barcha modernizatsiya sa’y-harakatlarimizning markazida turadi. U tobora beqarorlashib borayotgan jahon iqtisodiyoti sharoitida barqarorligimizni saqlash imkonini beradi. Xalqaro investorlar ko‘magida bir nechta tarmoqning bir vaqtda rivojlanishini ta’minlash orqali uzoq muddatli va barqaror taraqqiyot uchun zamin yaratmoqdamiz. An’anaviy sanoat tarmoqlari bilan yangi rivojlanayotgan sohalar o‘rtasidagi muvozanat taraqqiyotimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir.
Biz to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati va qishloq xo‘jaligi kabi an’anaviy tarmoqlarimizni rivojlantirdik. To‘qimachilik sohasida investorlarni qulay faoliyat sharoitlari orqali jalb qilishga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan to‘qimachilik sanoat zonalarini tashkil etdik. 2017-yilda islohotlar boshlanganidan buyon ushbu sohaga jami 9,8 milliard dollar investitsiya kiritildi. O‘zbekiston bugungi kunda ham Markaziy Osiyoning to‘qimachilik markazi hisoblanadi.
Shuningdek, bizda yuqori darajada rivojlangan tog‘-kon sanoati mavjud. Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) dunyodagi eng yirik to‘rtta oltin ishlab chiqaruvchidan biri hisoblanadi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) esa jahon miqyosidagi yetakchi mis ishlab chiqaruvchilardan biridir.
Qishloq xo‘jaligi ham tubdan o‘zgartirildi. Savdoni kengaytirish, fermerlarning zarur texnologiyalar, materiallar va moliyalashtirish imkoniyatlaridan foydalanishini ta’minlash maqsadida bir qator dasturlar amalga oshirildi.
Ishlab chiqarish sanoati sezilarli rivojlandi va 2023-yilda iqtisodiyotga 55 milliard dollardan ortiq hissa qo‘shdi. Bugungi kunda BYD, KIA va GM kabi avtomobil kompaniyalari O‘zbekistonda avtomobillar ishlab chiqarmoqda. Shu tariqa, mamlakatimiz Markaziy Osiyodagi yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchiga aylandi.
Elektronika sohasida Samsung bilan hamkorlikda elektr maishiy texnikalar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etildi. Ushbu loyihaga yarim milliard dollar investitsiya kiritildi.
Boy mineral resurslarga asoslangan kimyo sanoati modernizatsiya ishlari va davlat tashabbuslari tufayli rivojlanmoqda. 2017–2023-yillar davomida biz 9,7 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qildik. AIR Products va Casale kabi kompaniyalar O‘zbekistonda ishlab chiqarish obyektlarini barpo etmoqda.
Shu bilan birga, qurilish materiallari sanoati ham talabning o‘sishi natijasida jadal rivojlanmoqda. 2017–2023-yillarda xalqaro kompaniyalar tomonidan sement zavodlari, shisha ishlab chiqarish korxonalari va prokat ishlab chiqarish majmualariga 8,7 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritildi.
Bundan tashqari, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va qayta tiklanuvchi energetika kabi yangi tarmoqlarni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratdik. IT sohasi tez sur’atlarda kengaydi: 2023-yilda IT Park 344 million dollarlik IT mahsulotlari va xizmatlarini eksport qildi. Ushbu tarmoqlar iqtisodiyotimizning asosiy tayanchlariga tez sur’atlarda aylanmoqda.
So‘nggi olti yil ichida elektr energetikasi sohasiga kiritilgan jami xorijiy investitsiyalar 10 milliard dollarga yetdi. 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ishlab chiqarish quvvatlarini 20 gigavattga yetkazishni va yashil energiya ulushini umumiy energiya ishlab chiqarish hajmining qariyb 40 foiziga oshirishni maqsad qilganmiz.
GF: Yaqinda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo sammitida mintaqa mamlakatlari o‘zaro integratsiyani rivojlantirishga kelishib oldi. O‘zbekistonning Rossiya bilan tarixan yaqin aloqalarini hisobga olsak, bu maqsad qanchalik real? Uning amaliy natijalarini ko‘ra boshladikmi?
Kudratov: O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan. Bunda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari kabi diplomatik tashabbuslar, chegaralarni delimitatsiya qilish, viza tartiblarini liberallashtirish, mintaqaviy savdoni rag‘batlantirish va iqtisodiy hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.
Integratsiyaning ustuvor yo‘nalishlari qatoriga mintaqaviy transport va iqtisodiy bog‘liqlik, suv resurslarini boshqarish, energetika va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, shuningdek, madaniy va ta’lim almashinuvi kiradi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan sammit chuqurroq mintaqaviy integratsiya yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. O‘zbekiston savdo yo‘nalishlarini takomillashtirishga faol e’tibor qaratmoqda. Buning muhim misollaridan biri Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lidir. Ushbu loyiha mintaqa ichidagi va undan tashqaridagi savdoni osonlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.
GF: To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va boshqa investitsiyalarni jalb qilish nuqtayi nazaridan O‘zbekistonning asosiy ustunliklari nimalardan iborat?
Kudratov: O‘zbekistonni xorijiy investitsiyalar uchun jozibador manzilga aylantiradigan uchta asosiy ustunlik mavjud.
Birinchisi — inson kapitali. Aholimizning 60 foizidan ortig‘i 30 yoshga to‘lmagan. Bu O‘zbekistonning yosh, yaxshi ta’lim olgan va intiluvchan ishchi kuchiga ega ekanini anglatadi. Yoshlarning g‘ayrati va salohiyati iqtisodiyotning turli tarmoqlarida innovatsiyalar va o‘sishni rag‘batlantirmoqda.
Ikkinchisi — geografik joylashuvimiz. O‘zbekiston yirik xalqaro savdo yo‘llari kesishgan strategik hududda joylashgan bo‘lib, jadal rivojlanayotgan Osiyo, rivojlangan Yevropa va katta kapitalga ega Fors ko‘rfazi mamlakatlarini bog‘laydi. Ushbu geografik ustunlik O‘zbekistonni Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdoni tashkil etishda tabiiy markazga aylantiradi.
Mamlakatimizda faoliyat boshlagan kompaniyalar asosiy bozorlarga oson kirish imkoniyatiga ega. O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining (MDH) to‘qqizta mamlakati bilan erkin savdo bitimlari doirasida erkin savdo rejimini qo‘llaydi. Turkiya va Pokiston bilan imtiyozli savdo rejimlari mavjud. Shuningdek, Koreya Respublikasi, Qatar, Ummon va Malayziya bilan savdo kelishuvlarini ishlab chiqish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining GSP+ imtiyozlar tizimi tufayli O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo aylanmasi so‘nggi besh yilda deyarli ikki baravar oshdi: 2018-yildagi 3,25 milliard dollardan 2023-yilda 5,8 milliard dollarga yetdi.
Uchinchisi — islohotlarimiz. Biznes uchun yaratilayotgan qulay muhit doirasida 7 000 dan ortiq turdagi xomashyo importiga bojxona imtiyozlari, xorijiy investorlar uchun dividendlar bo‘yicha uch yillik soliq imtiyozi hamda foyda solig‘ining 12 foizgacha pasaytirilishi mavjud.
Shuningdek, xorijiy investorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirdik. Bu ularning biznesi O‘zbekistonda himoyalangan va qo‘llab-quvvatlangan holda faoliyat yuritishini ta’minlaydi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) Tartibga solish cheklovlari indeksida qayd etilishimiz ham raqobatbardoshligimiz ortib borayotganini ko‘rsatadi.
2017–2023-yillar davomida O‘zbekiston 60,9 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va davlat kafolati bilan ta’minlanmagan kredit mablag‘larini o‘zlashtirdi. Ushbu mablag‘lar tarmoq va hududiy dasturlar doirasidagi yirik loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirildi.
Biz dinamik, barcha uchun imkoniyat yaratadigan va kelajak talablariga tayyor biznes ekotizimini shakllantirish yo‘lida doimiy ravishda ish olib bormoqdamiz.
GF: 2030-yilgacha qariyb 250 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Bu maqsadga erishish qanchalik real?
Kudratov: Bizning maqsadimiz juda katta va unga faqat o‘z kuchimiz bilan erisha olmaymiz. O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lidan oldinga siljimoqda va biz mamlakatimizni biznes yuritish uchun eng yaxshi manzillardan biriga aylantirmoqdamiz.
Biroq bizga maqsadlarimiz va intilishlarimizni baham ko‘radigan hamkorlar kerak. Imkoniyatlar mavjud, ishchi kuchi tayyor va zarur rag‘batlantirish choralari yo‘lga qo‘yilgan.
Bu katta va tub o‘zgarishlarga olib keladigan jarayonning bir qismi bo‘lish imkoniyatidir. Birgalikda barchaga manfaat keltiradigan iqtisodiyotni barpo etishimiz mumkin