2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti barqaror va yuqori sur’atlarda rivojlanib, yalpi ichki mahsulot (YIM) o‘sishi 7,7 foizni tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkich 2021-yilda qayd etilgan 7,4 foizlik avvalgi rekorddan 0,3 foizga, 2024-yildagi 6,7 foizlik o‘sishdan esa 1 foizga yuqori bo‘ldi. Natijada, mamlakat tarixida ilk bor YIM hajmi 145 milliard AQSh dollaridan oshdi.

 

Iqtisodiy o‘sish, asosan, ichki talabning kengayishi, urbanizatsiya jarayonlarining jadallashuvi hamda ijobiy demografik omillar hisobiga ta’minlandi. Aholi sonining qariyb 700 ming kishiga oshib, 38 milliondan ortgani yirik va faol iste’mol bozorini shakllantirishga xizmat qildi. 2025-yilda iqtisodiyot tuzilmasining izchil diversifikatsiyasi davom etdi. O‘sishning asosiy drayverlari sifatida qurilish, xizmatlar sohasi, sanoat va eksport ajralib turdi. Xususan, qurilish ishlari hajmi 14,2 foizga, chakana xizmatlar 14,7 foizga, sanoat ishlab chiqarishi 6,8 foizga, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi esa 4,4 foizga oshdi.

 

Makroiqtisodiy barqarorlik saqlanib qoldi. Inflyatsiya darajasi 7,3 foizgacha pasayib, so‘nggi to‘qqiz yil ichidagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Aholi umumiy daromadlarining real o‘sishi 9,2 foizni tashkil etdi. Ishsizlik darajasi 4,9 foizgacha qisqarib, bandlikning oshishi va xususiy sektor faoliyatining kengayayotganini ko‘rsatib berdi.

 

Tashqi savdo ko‘rsatkichlari ham sezilarli darajada yaxshilandi. 2025-yilda mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi 81 milliard AQSh dollaridan oshib, yil davomida 20,7 foizga ko‘paydi. Eksport hajmi 24 foizga oshib, 33,8 milliard AQSh dollariga yetdi. Eksport tarkibida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik, energetika hamda xomashyoni qayta ishlash tarmoqlarining ulushi ortib, eksportning diversifikatsiyasi va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushi ortdi.

 

Xorijiy investitsiyalar barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlayotgan asosiy drayverlardan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda O‘zbekistonga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 43 milliard AQSh dollaridan oshib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi. Bugungi kunda mamlakatda xorijiy kapital ishtirokidagi 17 mingdan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Xorijiy sarmoyalarning asosiy qismi energetika, sanoat, infratuzilma hamda logistika sohalariga yo‘naltirilmoqda.