2025-yil Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi uchun faol xalqaro hamkorlik, investorlar bilan muloqotni kengaytirish hamda investitsiya kun tartibini ilgari surish yili bo‘ldi. Hisobot davrida aniq investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi va amaliy natijalarga erishildi.

 

Xalqaro va ishbilarmonlik faolligi

 

Yil davomida Agentlik tomonidan Respublika hududida va xorijiy davlatlarda yirik investitsiyaviy tadbirlar tashkil etildi va qo‘llab-quvvatlandi. Xususan:

 

·  Rothschild & Co va JPMorgan Chase ko‘magida London shahrida kapital bozori bo‘yicha roud-shou tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda dunyoning yetakchi 26 ta moliyaviy institutlari (Citi Group, Standard Chartered, Franklin Templeton va boshqalar) vakillari ishtirok etdi. Ushbu institutlar boshqaruvida jami 28 trillion AQSh dollaridan ortiq aktivlar mavjud. Tadbirda umumiy hisobda 170 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

 

·  Yilning eng muhim voqeasi sifatida 2025 yilgi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi investitsiyaviy platformalardan biri sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi. Forum ishtirokchilari soni 8 000 nafardan oshib, ular orasida qariyb 100 ta davlatdan 3 000 ga yaqin xalqaro ishtirokchilar qatnashdi. Forumning asosiy yangiligi O‘zbekistonning sanoat va investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan Birinchi milliy ko‘rgazma bo‘ldi. Ko‘rgazmada neft-kimyo, mashinasozlik, qurilish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan 90 dan ortiq yetakchi mahalliy kompaniyalar o‘z mahsulot va loyihalarini namoyish etdi. Forum doirasida energetika, infratuzilma, logistika, moliya va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 30,5 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan investitsiya shartnomalari hamda savdo bitimlari imzolandi.

 

Investorlar bilan ishlash va loyihalarni kuzatib borish

 

2025 yilda Agentlik faoliyati xorijiy investorlar bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida investitsiya loyihalarini kompleks kuzatib borishga qaratildi. Yil davomida umumiy qiymati 8,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etuvchi 28 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu jarayonda investorlarni maslahat bilan qo‘llab-quvvatlash hamda tegishli davlat organlari bilan muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirildi. Loyihalar agrar sektor va agrosanoat qayta ishlash, oziq-ovqat va to‘qimachilik, sanoat ishlab chiqarishi va metallga ishlov berish, elektrotexnika va kabel-sim mahsulotlari, qayta tiklanuvchi energetika, shuningdek davlat-xususiy sheriklik loyihalari va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oldi. Hamkorlar geografiyasi Avstraliya, Ozarbayjon, Belgiya, Belarus, Iordaniya, Eron, Kanada, Xitoy, Koreya Respublikasi, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Polsha, Rossiya, Tailand, Finlyandiya va Shvetsiya kompaniya hamda investorlarini o‘z ichiga oldi. Bu holat O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlariga bo‘lgan xalqaro qiziqishning yuqori va diversifikatsiyalanganligini yaqqol namoyon etadi.

 

Agentlik tomonidan xorijiy investorlardan jami 55 ta murojaat qabul qilindi, muzokaralar yakuniga ko‘ra 13 ta hamkorlik shartnomasi imzolandi. Investitsiyaviy muloqotni rivojlantirish maqsadida 200 dan ortiq ishchi uchrashuvlar o‘tkazildi, shuningdek 40 ta biznes-forum, 7 ta davra suhbati hamda 17 ta onlayn maslahatlashuv tashkil etildi. Mazkur tadbirlar xalqaro ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

 

2025 yilda Agentlik xorijiy investorlar uchun sifatli tahliliy baza va amaliy yo‘naltiruvchi materiallarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratdi. Asosiy hujjatlardan biri — xalqaro kommunikatsiya kompaniyasi Hudson Sandler bilan hamkorlikda tayyorlangan “Yangi O‘zbekiston: ulkan imkoniyatlarga ega katta mamlakat” nomli hisobot bo‘ldi. Ushbu hisobot axborot texnologiyalari va “yashil” energetikadan tortib sanoat va turizmgacha bo‘lgan eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlar bo‘yicha xorijiy investorlar uchun kompleks sharhni taqdim etadi.

 

Shuningdek, Agentlik Buyuk Britaniyadagi PwC (PricewaterhouseCoopers) bilan hamkorlik qilib, xorijiy investorlar uchun amaliy qo‘llanma sifatida kompleks investitsiya yo‘riqnomasini tayyorladi. Mazkur hujjatda O‘zbekistonning investitsiyaviy muhiti, so‘nggi iqtisodiy islohotlar hamda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridagi imkoniyatlar chuqur tahlil qilingan. Agentlikning maxsus jurnali “Investment guide”da strategik tarmoqlarga alohida e’tibor qaratilib, muvaffaqiyatli investitsiya loyihalari misollari keltirilgan.

 

2025 yilda O‘zbekistonning investitsiyaviy kun tartibini xalqaro axborot va media maydonida ilgari surishga ham katta ahamiyat berildi. Agentlik Reuters, Financial Times, Bloomberg, Global Finance kabi yetakchi jahon ishbilarmonlik va yangiliklar nashrlari bilan faol hamkorlik qildi. Ushbu OAVlarda chop etilgan materiallar O‘zbekistonni ishonchli va istiqbolli investitsiya yo‘nalishi sifatida barqaror hamda xolis tarzda qabul qilinishiga, shuningdek mintaqadan tashqaridagi investitsiya auditoriyasini kengaytirishga xizmat qildi.

 

Yil davomida Agentlik quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratdi:

·  xalqaro investitsiyaviy muloqotni rivojlantirish;

·  institutsional va strategik investorlar ishonchini mustahkamlash;

·  iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini ilgari surish;

·  O‘zbekistonning barqaror investitsiyaviy imijini shakllantirish.

 

2025 yil yakunlari investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, sifatli loyihalarni jalb etish hamda O‘zbekistonning global investitsiya va ishlab chiqarish zanjirlariga chuqurroq integratsiyalashuvi uchun mustahkam poydevor yaratdi.