Poytaxtda 29-noyabrdan 2-dekabrgacha Tashkent City Mall va Hyatt Regency Tashkent maydonlarida o‘tkazilgan 2025-yilgi “Shveysariya kunlari” o‘z yakuniga yetdi. Shveysariyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, Shveysariyaning texnologik yechimlarini namoyish etish hamda O‘zbekistonda davom etayotgan islohotlar va mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni sharoitida hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochishga qaratildi. Tadbir doirasida barqaror rivojlanish texnologiyalari, “yashil” iqtisodiyot va sanoatni modernizatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

 

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori v.b. Mansurjon Rasulev nutq so‘zladi. Agentlik direktori O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning ijobiy sur’atlarda rivojlanib borayotgani, qo‘shma korxonalar soni hamda investitsiya loyihalari portfelining izchil kengayayotganini ta’kidladi. Rasulevning qayd etishicha, O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun tobora istiqbolli va jozibador investitsiya manziliga aylanib bormoqda, Shveysariya kompaniyalari esa mamlakat iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlarida modernizatsiya jarayonlarini yanada jadallashtirishga imkon beruvchi tajriba va ilg‘or texnologiyalarga ega.

 

“Bugungi kunda O‘zbekiston va Shveysariya innovatsiyalar, barqarorlik va yuqori standartlarga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lida umumiy maqsadlarni ko‘zlamoqda. Mamlakatimiz uchun haqiqiy qiymat yaratadigan va uzoq muddatli samara beradigan har bir loyihani qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz,”— — dedi Agentlik direktori v.b. Mansurjon Rasulev.

 

Dastur doirasida sanoatni modernizatsiya qilish va global raqobatbardoshlikni oshirish, barqaror shaharsozlik va infratuzilma, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika hamda innovatsion moliyalashtirish masalalariga bag‘ishlangan tarmoq sessiyalari o‘tkazildi. Shveysariyaning texnologik va ekologik yechimlar bo‘yicha yetakchi kompaniyalari ishtirokida o‘tkazilgan tog‘-kon sanoatiga oid davra suhbati ham bo‘lib o‘tdi.

 

Shu bilan birga, “Tashkent City Mall”da o‘tkazilgan “Quality. Innovatsiya. Reliability.” ko‘rgazmasida zamonaviy Shveysariya mahsulotlari va texnologiyalari, jumladan, raqamli ta’lim, jismoniy faollik va o‘yin elementlarini o‘zida jamlagan “SPHERY” immersiv fitnes platformasi namoyish etildi.