2025-yil 3 dekabr kuni Vena shahrida hukumat idoralari, ishbilarmon doiralar hamda xalqaro tashkilotlar vakillarini birlashtirgan O‘zbekiston–Avstriya biznes-forumi o‘tkazildi. Mazkur tadbir ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim platforma bo‘ldi. Forum Yevropa ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistondagi jadal rivojlanayotgan islohotlar iqtisodiyotiga qiziqishi oshayotganini namoyish etdi.

 

Tadbirda Avstriyaning O‘zbekistonda o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan kompaniyalar bilan bir qatorda, hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgan yirik kompaniyalar ham ishtirok etdi. Mazkur ro‘yxatga Siemens Österreich, AVL List GmbH, ILF Consulting Engineers, VA TECH WABAG, INNIO Jenbacher hamda yetakchi bank muassasalari — Raiffeisen Bank International va UniCredit Bank Austria kiradi. Ushbu kompaniyalarning faol ishtiroki Avstriya biznes hamjamiyatining O‘zbekistonda energetika, sanoatni modernizatsiya qilish, raqamli infratuzilma, suv texnologiyalari va xalqaro moliyalashtirish yo‘nalishlaridagi qo‘shma loyihalarga nisbatan izchil va yuqori qiziqish bildirayotganini yaqqol namoyon etdi.

 

Forum “Beyond Bridge Between Central Asia” taqdimoti bilan ochilib, mintaqaning Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi asosiy iqtisodiy va logistika markazi sifatidagi strategik rolini ta’kidladi. Ishtirokchilar O‘zbekistonning sanoat modernizatsiyasi, barqaror infratuzilma, “yashil” energetika, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va uzoq muddatli institutsional aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha izchil islohotlariga alohida e’tibor qaratdilar.

 

Avstriya tomoni ikki tomonlama aloqalardagi ijobiy dinamikani qayd etdi — eksportning ikki baravar oshishi, investitsion qiziqishlarning kengayishi hamda O‘zbekistondagi Avstriya elchixonasida Iqtisodiyot bo‘limining ochilishi. Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayta tiklanuvchi energetika, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, sanoat jarayonlarini avtomatlashtirish, tog‘-kon sektori va qishki turizm infratuzilmasi belgilandi. Alohida e’tibor ta’lim dasturlarini kengaytirish va O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratildi.

 

Yevropalik hamkorlar O‘zbekistondagi islohotlar, jumladan soliq tizimini modernizatsiya qilish, tashqi savdoni liberallashtirish, xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish va IT-ekotizimni kengaytirish mamlakatni Yevroosiyodagi eng qulay investitsiya muhitlaridan biriga aylantirayotganini ta’kidladilar. Shuningdek, Avstriya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor qayd etdi va Yevropa tashabbuslari doirasida, jumladan Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

 

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori v.b. Mansurjon Rasulev investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha strategik yondashuvlarni taqdim etib, O‘zbekistonning Avstriya xususiy sektori bilan yanada chuqur hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidladi. Nutqi davomida u Avstriya kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar ochuvchi asosiy yo‘nalishlarni ta’kidladi: sanoatning keng ko‘lamli modernizatsiyasi, barqaror energetika sohasidagi loyihalar, shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirish, raqamlashtirish, xalqaro logistika hamda xususiylashtirish dasturlari, jumladan, Yangi Toshkent va mamlakat hududlaridagi yirik tashabbuslar.

 

Agentligi direktori v.b. Mansurjon Rasulev ta’kidlashicha, bugun O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar mamlakatning kelajakdagi iqtisodiy rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Shuningdek direktor, ochiq va adolatli qoidalar, kuchli institutlar hamda yangi loyihalarni amalga oshirish imkonini beruvchi infratuzilmani shakllantirishga e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Shu sababli, Avstriya biznesi O‘zbekistonda faqat iqtisodiy imkoniyatlarni emas, balki uzoq muddatli investitsiyalarni ishonch bilan amalga oshirish mumkin bo‘lgan strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirmoqda.

 

Bundan tashqari, 4-dekabr kuni Markaziy Osiyodagi asosiy tendensiyalar va dolzarb masalalarga bag‘ishlangan Global Neighbours Breakfast Club ekspertlar davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirning maqsadi mintaqa rivojiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni muhokama qilish, shuningdek, hamkorlikni kengaytirish va investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlarini aniqlashdan iborat bo‘ldi. Davra suhbati davomida Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori v.b. Mansurjon Rasulev investitsiyalar oqimining o‘sish dinamikasiga oid tahliliy ma’lumotlarni taqdim etdi. U o‘z chiqishida mamlakat va tarmoqlar kesimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi barqaror ortib borayotganini qayd etdi. Shuningdek, investitsiya portfeli tuzilmasi izchil diversifikatsiya qilinayotgani — “yashil” energetika, sanoatni modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalar, logistika va agrosektor yo‘nalishlaridagi loyihalarning sezilarli o‘sishi, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyodan investorlar ishtirokining kengayib borayotgani alohida ta’kidlandi.