O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligida Yaponiya hukumatining xalqaro bitimlarni amalga oshirishda siyosiy va tijorat xatarlari bo‘yicha sug‘urta qoplamasini taqdim etuvchi Nippon Export and Investment Insurance (NEXI) eksport-kredit agentligi bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “NEXI” moliya institutlari, eksportchilar va investorlarni himoya qilish maqsadida eksport kreditlari, xorijiy investitsiyalar va qarz vositalarini sug‘urtalash xizmatlarini taqdim etadi. Shu orqali tashkilot O‘zbekistonda bir qator muhim tashabbuslarni, jumladan, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish loyihalarini samarali qo‘llab-quvvatlamoqda.
Uchrashuv davomida energetika, logistika va infratuzilma kabi sohalarda investitsiya loyihalarini sug‘urtalash orqali qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. “NEXI” vakillari O‘zbekistonning investitsiya muhitini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar, jumladan, investorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlar va murojaatlarni ko‘rib chiqishning bir nechta rasmiy mexanizmlarining mavjudligini qayd etdilar.
Uzoq muddatli kapital jalb etishda sug‘urta vositalari muhim rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar “NEXI” e’tiborini jalb qildi, ular orasida ombor-logistika, infratuzilmani modernizatsiya qilish va barqaror rivojlanish tashabbuslari alohida ta’kidladi. Uchrashuvda moliyaviy operatsiyalar bo‘yicha sug‘urta qamrovini kengaytirish va xorijiy moliyalashtirishni jalb qilishga xizmat qiluvchi qo‘shimcha vositalarni joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, sug‘urta qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish va yapon kompaniyalarining O‘zbekistonning ustuvor loyihalarida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi tasdiqlandi.