2025-yil 2-3-dekabr kunlari Urumchi shahrida “CAREC”ga a’zo mamlakatlar vakillari, xalqaro moliya institutlari, tahlil markazlari, davlat korxonalari va xususiy sektor ishtirokchilarini birlashtirgan Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Tyanshan forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida ishtirokchilar mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikning muhim yo‘nalishlariga aylanib borayotgan transport yo‘laklarini rivojlantirish, energetika tizimlarini modernizatsiya qilish hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
Forum doirasidagi mintaqa infratuzilmasi uchun “aqlli” investitsiya yechimlariga bag‘ishlangan davra suhbatida Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Roksana Nesor ishtirok etdi. Mazkur muhokamada Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari hamda davlat idoralari vakillari, shuningdek, xususiy investorlar, transport va energetika loyihalari operatorlari qatnashdi.
O‘zbekiston Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktorining o‘rinbosari v.b. Roksana Nesor o‘z nutqida O‘zbekistonning infratuzilma loyihalarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga doir yondashuvini taqdim etar ekan, “soft connectivity” — ya’ni raqamli yechimlar, ma’lumotlar almashinuvi hamda chegaralarda tezkor va barqaror tartib-taomillarni joriy etish orqali transport yo‘laklarini rivojlantirish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, qayta tiklanadigan energetika sohasida raqobatbardosh modellarni kengaytirish, davlat-xususiy sheriklik orqali xavflarni kamaytirish hamda zamonaviy logistika va savdoda tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan raqamli yo‘laklarni shakllantirish lozimligi ta’kidlandi.
“Xatarlar kamaygan, qoidalar aniq va barqaror bo‘lgan joyga sarmoya tabiiy ravishda kirib keladi. Infratuzilma esa aynan shunday muhitda barqaror rivoj topadi” — dedi Nesor.
Ko‘p tomonlama rivojlanish banklari uzoq muddatli moliyalashtirish vositalarini yaratish, loyihalarga qo‘yiladigan talablarni moslashtirish, loyihalashtirishning dastlabki bosqichlarini qo‘llab-quvvatlash hamda chegaralararo investitsiya modellarini shakllantirish bo‘yicha takliflarini taqdim etdi. Davra suhbati ishtirokchilari CAREC infratuzilmasini barqaror rivojlantirish faqat mintaqa mamlakatlari, xalqaro hamkorlar va xususiy sektorning yaqindan muvofiqlashuvi orqali mumkinligini ta’kidladi.
Forum Markaziy Osiyoda integratsiyani mustahkamlash va mintaqaning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash maqsadida energetika, transport va raqamli sohalarda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyorligini namoyon etdi.