2025-yil 20-22-noyabr kuni Toshkentda “CAEx Build & Co” O‘zbekistonda qurilish, qurilish komponentlari, interyer va ilg‘or texnologiyalar xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori o‘rinbosari v.b. Roksana Nesor ochilish marosimida nutq so‘zladi va bugungi kunda milliy iqtisodiyotning asosiy yetakchi sohalaridan biri bo‘lib xizmat qilayotgan qurilish sohasi jadal rivojlanayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda qurilish materiallari sohasi jadal o‘sishni namoyish etmoqda: 2017-yildan 2024-yilgacha korxonalar soni 6 mingdan 11 minggacha ko‘paydi. Ishlab chiqarish hajmi to‘rt barobar o‘sdi. Butun mamlakat bo‘ylab deyarli 11 milliard dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirildi, bu esa ichki bozorni keng turdagi mahsulotlar bilan ta’minlashga hamda zamonaviy sifat va energiya samaradorligi standartlariga mos materiallar bilan eksportga chiqishga imkon berdi.
Agentlik direktori o‘rinbosari v.b. Roksana Nesor mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli shaharsozlik tashabbuslariga, xususan, investorlar uchun issiqlik ta’minoti, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim hamda uy-joy qurilishi yo‘nalishlarida yangi imkoniyatlar yaratadigan yirik shaharsozlik loyihasi — “Yangi Toshkent” loyihasi qurulish jarayoniga alohida e’tibor qaratdi.
“O‘zbekiston qurilish sohasi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda — biz nafaqat ichki ehtiyojlarni to‘liq qondirdik, balki mintaqa bozorlarining talablariga javob bera oladigan eksportga yo‘naltirilgan tarmoqni ham shakllantiryapmiz. Yangi Toshkent kabi yirik loyihalarning jadal amalga oshirilayotganini inobatga olganda holda, ushbu yo‘nalishdagi investitsiya salohiyati nihoyatda keng,” — deya ta’kidladi agentlik direktori o‘rinbosari v.b. Roksana Nesor.
Ma’lumot uchun: “CAEx Build & Co” qurilish, qurilish komponentlari, interyer va ilg‘or texnologiyalar yo‘nalishlariga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazma bo‘lib, O‘zbekistonning asosiy sanoat platformalaridan biri sifatida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarni, quruvchilarni hamda texnologik kompaniyalarni birlashtiradi. Joriy yilgi ekspozitsiya qurilish materiallari, fasad va tom yopish yechimlari, muhandislik tizimlari, texnika, interyer ishlanmalari hamda ko‘chmas mulk segmentini o‘z ichiga oldi.