Joriy yilning 17-noyabr kuni Toshkentda Belgiya–O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakatning davlat idoralari va biznes doiralari, xorijiy kompaniyalar, xalqaro moliya institutlar va konsalting tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur tadbir Belgiya milliy eksport-investitsiya agentligi AWEX va Flanders Investment & Trade kompaniyasi tomonidan, EUROUZ hamda Benilyuks Savdo palatasi ko‘magida tashkil etilgan keng qamrovli biznes missiyasining muhim tarkibiy qismi sifatida o‘tkazildi.
Bu tuzilmalar Belgiya tovar va xizmatlar eksportini rivojlantirish, kompaniyalarning xalqaro kengayishini qo‘llab-quvvatlash va chet el investitsiyalarini Valoniya va Flandriyaga jalb etish bilan shug‘ullanadi. Ularning ishtiroki Belgiya tomonidan O‘zbekiston bilan iqtisodiy va investitsion hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan strategik qiziqishni ta’kidlaydi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori v.b. Mansurjon Rasulev so‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilashda olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar va ushbu islohotlar natijasida erishilgan yutuqlar hamda mamlakatimizning energetika, farmatsevtika, kimyo sanoati, tog‘-kon va mashinasozlik kabi ustuvor yo‘nalishlarining investitsiyaviy jozibadorligi va “Yangi Toshkent direksiyasi”da mavjud loyiha takliflari yuzasidan taqdimot qildi.
Mazkur taqdimot asosida ishtirokchilar tomonidan alohida qiziqish, EDF va boshqa xalqaro hamkorlarning ishtirokida amalga oshirilayotgan qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi loyihalarga bo‘ldi.
Forum dasturiga muvofiq Germaniyaning “Schneider Group Consulting” (kompaniya xorijiy investorlarga Yevroosiyo mamlakatlari bozorlariga kirishda yordam beradi) xalqaro konsalting kompaniyasi rahbariyati tadbirda ishtirok etib, O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va uni yuritishning amaliy jihatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi.
Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YTTB) direktori va vakolatxonasi rahbari mamlakatda xususiy sektor, infratuzilma loyihalari hamda barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashdagi ustuvor yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi. Forum yakunida EUROUZ bosh kotibi Oybek Shayxov O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlar ortib borayotganini qayd etdi va Yevropa bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish salohiyatini ta’kidladi.
Logistika va sanoat uskunalaridan tortib, tibbiyot va barqaror texnologiyalargacha bo‘lgan keng sohalarda faoliyat yurituvchi Belgiya kompaniyalari delegatsiyasi O‘zbekistondagi islohotlar, investitsiya siyosati va hamkorlikning amaliy imkoniyatlariga katta qiziqish bildirdi. Forum ishtirokchilari barqaror islohotlarni amalga oshirish, infratuzilmalarni modernizatsiya qilish, xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish va investitsiyaviy siyosatning shaffofligini kuchaytirish O‘zbekistonni Yevropa kompaniyalari uchun keng imkoniyatlar ochadigan yo‘nalishlardan biriga aylantirayotganini ta’kidladilar.