2025-yil 14-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yangi Farmoni (https://lex.uz/docs/-7840557) qabul qilindi. Mazkur farmon tadbirkorlik faoliyatini yanada qulaylashtirish, byurokratik jarayonlarni qisqartirish va davlat boshqaruvida ochiqlikni kuchaytirishga qaratilgan navbatdagi ma’muriy islohotlar bosqichini boshlaydi. Shu bilan birga, biznesning ma’muriy xarajatlarini 90 milliard so‘mgacha qisqartirish hamda tadbirkorlarning davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligida 15 kungacha vaqt tejalishini ta’minlashni nazarda tutadi.
Biznesni tezkor ro‘yxatdan o‘tkazish: “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tizimi
2026-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekistonda biznesni kompleks roʻyxatdan oʻtkazish uchun yagona raqamli mexanizm joriy etiladi. Tadbirkorlar uchun yagona elektron platforma orqali quyidagi asosiy xizmatlarni olishi mumkin:
1) elektron raqamli imzo kalitini olish;
2) bank hisob raqamini ochish va faollashtirish;
3) litsenziya va ruxsatnomalar uchun ariza topshirish;
4) ko’chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
5) onlayn nazorat-kassa uskunalarini onlayn ravishda xarid qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish;
6) QQS to‘lovchi guvohnomasini avtomatik ravishda olish;
7) korxona rahbarini “Yagona Milliy Mehnat tizimi”da roʻyxatdan oʻtkazish.
Barcha xizmatlar tadbirkor tanloviga ko‘ra taqdim etiladi va to‘lov yagona QR-kod orqali amalga oshiriladi.
Ma’lumotlarni arizachi ishtirokisiz avtomatik yangilash
2026-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkor yoki kompaniya ma’lumotlaridagi har qanday oʻzgarishlar - ismi, familiyasi va otasining ismi, manzil, firma nomi, yuridik-huquqiy shakli - barcha litsenziyalar, ruxsatnomalar va bildirishnomalar avtomatik va bepul yangilanadi.
Ismi, familiyasi va otasining ismi o‘zgarishlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlari Ichki ishlar vazirligi ID-karta avtomatlashtirilgan axborot tizimidan yangilanib boriladi.
Litsenziyalash va ruxsat berish jarayonlarini soddalashtirish
2026-yil 1-martdan litsenziyalash tartibida yangi yengilliklar va dastlabki baholash xizmati joriy etiladi:
1) litsenziya va ruxsatnoma bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun yuridik shaxsga jarima qo‘llanganda, mansabdor shaxslarni alohida ma’muriy javobgarlikka tortish bekor qilinadi;
2) “Litsenziya” axborot tizimida ixtiyoriy dastlabki baholash xizmati joriy etiladi. Ushbu xizmat kompaniyalarga oldindan litsenziya talablariga - bino-inshootlar, moddiy texnika bazasi, asbob-uskunalar, yollash koʻzda tutilgan xodimlar va boshqa parametrlar mosligini tekshirish imkonini beradi. Dastlabki baholash xizmati 20 kundan oshmagan muddatda koʻrsatiladi.
Davlat xizmatlarini raqamlashtirish va integratsiya qilish bo‘yicha islohotlar:
2025 - yil dekabrgacha asosiy davlat axborot bazalari, jumladan biznesni roʻyxatdan oʻtkazish tizimi, “Litsenziya” olish tizimi, elektron arxiv va ID-karta tizimi yagona elektron tizimga integratsiya qilinadi. Tayinlangan yuridik shaxs rahbari haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda “Yagona milliy mehnat tizimi”ga uzatiladi.
Qabul qilingan chora-tadbirlar oldindan rejalashtiriladi, oshkora va tezkor tartibga solish muhitini yaratadi, ma’muriy xarajatlar va loyihalarni ishga tushirish muddatlarini qisqartiradi. Roʻyxatga olishni soddalashtirish, davlat xizmatlarining raqamli integratsiyasi va litsenziyalashni modernizatsiya qilish investorlarning bozorga tezroq kirishi, operatsion xatarlarni kamaytirishi va uzoq muddatli loyihalarni barqaror me’yoriy muhitda rejalashtirishini ta’minlaydi. Ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish Oʻzbekistonning ochiq va biznesga yoʻnaltirilgan iqtisodiy pozitsiyasini mustahkamlaydi hamda byurokratiyani kamaytirish va xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirishga barqaror yo‘nalish beradi.