10-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston – Pokiston biznes-forumi hamda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va investitsion hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda sanoat, farmatsevtika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash kabi asosiy tarmoqlarni ifodalovchi 300 dan ortiq biznes vakillari, davlat idoralari va xalqaro hamkorlar ishtirok etdi.

Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi direktori Mansurjon Rasulyev “Yangi O‘zbekiston: ulkan  imkoniyatlarga ega katta mamlakat” mavzusida taqdimot qildi. Rasulevning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston investorlar uchun qulay muhitni shakllantirdi, yer olish jarayoni soddalashtirilishi va infratuzilmani rivojlantirishi, soliq va bojxona imtiyozlari, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari hamda xususiylashtirish dasturi joriy etildi. Ayniqsa, tayyor muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga ega maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, bu xorijiy kompaniyalarga tez fursatda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

“Bugun O‘zbekiston hamkorlarga shunchaki sarmoya kiritish maydonini emas, balki biznes uchun to‘laqonli ekotizimni taklif qilmoqda — barqaror makroiqtisodiy siyosatdan tortib loyihalarni amalga oshirishning barcha bosqichlarida ko‘makka qadar. Pokiston tadbirkorlari uchun farmatsevtika, to‘qimachilik va charm sanoati, shuningdek logistika yo‘nalishlarida yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Agentlik bunday tashabbuslarni muzokara bosqichidan tortib korxonalarni ishga tushirishgacha hamroh bo‘lishga tayyor”, — dedi Mansurjon Rasulev.

Shuningdek, u O‘zbekiston va Pokistonning transport-logistika sohasidagi hamkorligi strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Xususan, tranzit yo‘laklarini rivojlantirish ikki davlatning ishlab chiqarish salohiyatini birlashtirish va Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqishni kengaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik joriy yilning boshida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning O‘zbekistonga tashrifi doirasida yanada mustahkamlandi va ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligida yangi sahifani ochdi. Bu esa Pokiston biznesi ishtirokida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi. Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi Pokiston tadbirkorlariga O‘zbekiston bozorining salohiyatini o‘rganish, mahalliy kompaniyalar bilan bevosita aloqalar o‘rnatish hamda sanoat, logistika, farmatsevtika va boshqa sohalarda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirishda faol ko‘maklashmoqda.