×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Joriy yilning 17-avgust kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Oʻzbekiston hukumat delegatsiyasining Kobulga tashrifi doirasida Oʻzbekiston-Afgʻoniston biznes-forumida ishtirok etdi. Tadbirda, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 500 dan ortiq vakillari qatnashdi.

Forumda oʻzaro savdo tarkibidagi tovarlar roʻyxatini kengaytirish, ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tadbirkorlarning oʻzaro aloqalarini faollashtirish, ikki davlat ishbilarmonlari ishtirokida qoʻshma biznes tadbirlar va tashriflar sonini koʻpaytirish kabi hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Forum doirasida Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha rejaning tizimli chora-tadbirlaridan biri boʻlgan “Made in Uzbekistan” koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Ko‘rgazmada O‘zbekistonning avtomobilsozlik, to‘qimachilik, zargarlik, oziq-ovqat, elektrotexnika, tog‘-kon sanoati va farmatsevtika kabi 80 ta yirik kompaniyasi mahsulotlari namoyish etildi.

Ko’rgazma doirasida B2B va G2B muzokaralari tashkil etildi, bu esa tadbirkorlarga yangi foydali tanishuvlar orttirish, qo’shma loyihalar va savdo shartnomalarining amaliy jihatlarini muhokama qilish imkonini berdi.

Tashrif doirasida Laziz Kudratov Kobulda Afgʻoniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy bilan ham uchrashdi. Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar.

Savdo, investisiyalar, transport va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning amaliy jihatlari kelishib olindi.