×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

🇺🇿🇦🇿Joriy yilning 10-iyul kuni Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov raisligida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi 13-majlisi bo‘lib o‘tdi.

🟠Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirok etgan ushbu tadbirda ustuvor tarmoqlarda ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

✍️2023-yilda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 26,5 foizga o‘sib, 231,6 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 236 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 62 tasi qo‘shma korxona va 174 tasi 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir. Ozarbayjonda 70 ta oʻzbek kompaniyasi faoliyat yuritadi.

🟠Ikki tomonlama savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlar, jumladan, yuqori talabga ega bo‘lgan tovarlar tahlili asosida import o‘rnini bosish, muntazam ravishda savdo va biznes missiyalarini tashkil qilish, yirik shaharlarda ikki mamlakat milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

🟠Istiqbolli tashabbuslar qatorida ipak mahsulotlari ishlab chiqarish, to‘qimachilik klasterini yaratish, xalqaro maktab qurish, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish kabi loyihalar belgilab olindi. Shu bilan birga mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, energetika, neft-kimyo, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

🟠Ikki tomonlama va tranzit yuk tashish hajmini oshirish maqsadida transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, logistika infratuzilmasini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi. Bugungi kunda Guliston va Fuzuli, Namangan va Ming’achevir, Termiz va Bilasuvar shaharlari o‘rtasida qardosh shahar aloqalari o‘rnatilgan. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

🟠Komissiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar, mas’ul rahbarlar va topshiriqlarni amalga oshirish muddatlari o‘z aksini topgan Yakuniy bayonnoma qabul qilindi.