×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Eron bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 19 iyul kuni O’zbekiston Respublikasi bosh vazirining o’rinbosari-investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaev Eron Islom Respublikasi fan va innovatsiyalar bo’yicha vitse – prezidenti Suren Sattoriy bilan uchrashdi.

Muloqot chog’ida so’nggi yillarda O’zbekiston-Eron savdo hamkorligining samaradorligi va o’sish sur’atlari ijobiy baholandi. Jumladan, 2021 yilda tovar ayirboshlash hajmi 73% ga oshdi va 430 million dollardan ko’paydi. 2022 yilning birinchi yarimida ushbu ko’rsatkich 239 million dollarga etdi. O’zaro manfaatli asosda yetkazib berilayotgan tovarlar va xizmatlar turlarini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Mamlakatlarimiz o’rtasida investitsiyaviy hamkorlikning hozirgi holati va uni kengaytirish istiqbollari ko’rib chiqildi. Ayni paytda O’zbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi 366 korxona faoliyat ko’rsatmoqda. O’zaro mushtarak manfaatlar va davlat tomonidan ko’rsatilayotgan yordam aloqalarni kengaytirish, zamonaviy loyihalarni ishlab chiqish, yangi sanoat korxonalarini yaratish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratadi. Natijada, 2022-yilning 6 oyida mamlakatimizda Eron tomoni bilan hamkorlikda tashkil etilgan yana 69 ta yangi korxona ro’yxatga olindi.

Muloqot chog’ida tomonlar yangi loyihalarni ishlab chiqish, startaplarni qo’llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, qo’shma ilmiy tadqiqotlar o’tkazish masalalariga ham to’xtalib o’tdilar.

Misol tariqasida, Eron tomoni er osti suvli qatlamlaridan suv olish va tozalash uchun yangi texnologiyalarni baham ko’rishga qiziqish bildirdi.

Meva-sabzavotchilik sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan qator hujjatlar kelishuvini jadallashtirish, shuningdek, paxtachilik va g’allachilik yo’nalishlari bo’yicha maxsus o’quv kurslarini tashkil etishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalda ro’yobga chiqarilishi ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlar rivojiga qo’shimcha turtki berishiga ishonch bildirdilar.

 

Manba: mift.uz