×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

O‘zbekiston Prezidenti va Eron vitse-prezidenti qo‘shma innovatsiya dasturlarini amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-iyul kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasi vitse-prezidenti Sorena Sattoriyni qabul qildi.

Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Fan, innovatsiya va texnologiyalar sohasida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv avvalida Sorena Sattoriy davlatimiz rahbariga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Keyingi yillarda ikki tomonlama muloqotlar va o‘zaro almashinuvlarning faollashuvi kuzatilayotganini mamnuniyat bilan qayd etildi. Savdo ko‘rsatkichlari va kooperatsiya loyihalari soni ham ortib bormoqda. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 73 foizga, joriy yil boshidan esa yana 22 foizga oshdi.

Qo‘shma ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish borasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, izlanish ishlari va venchur tashabbuslarini moliyalashtirishga xususiy sektorni jalb qilish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi dasturlarni qo‘llab-quvvatlash, bio- va nanotexnologiyalar, IT sohalarida, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar qayd etildi.

Kelajakda, shu jumladan bo‘lajak O‘zbekiston-Eron innovatsiya forumi va ishbilarmonlik tadbirlari doirasida qabul qilinadigan qo‘shma qarorlar va imzolanadigan bitimlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

 

Manba: president.uz