×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Saudiya Arabistonining ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Podshohligining yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih hamda  podshohlikning «ACWA Power», «SABIC», «Saudi National Bank», «Al Rajhi Capital», «Ma’aden», «Petromin» «Jamjoom Pharma», «SEDCO», «Salic», «Albawani», «Ajlan & Bros», «Desert Technologies» kabi yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining xorijga tashriflari davomida ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazish an’anaga aylangan. Bunday muloqotlar manfaatlar tutashgan nuqtalarni aniqlash, sanoat kooperatsiyasi va investitsion hamkorlik istiqbollarini belgilab olish uchun yaxshi imkoniyat.

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘zaro munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun ulkan salohiyatga ega. Keyingi yillarda Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishlari muntazam o‘tkazilmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi ortib, qo‘shma korxonalar ochilmoqda.

Prezidentimiz kecha Valiahd shahzoda bilan muzokaralarda ikki tomonlama savdo aylanmasini bir necha karra ko‘paytirish, tadbirkorlarning tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va investitsiya loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi.

Bu hamkorlikdagi biznes uchun qulay imkoniyat. Xususan, O‘zbekistonda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, xorijiy sarmoya ishtirokini kengaytirish uchun eng qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Mamlakatimizda muvaffaqiyatli ish yuritayotgan Saudiya kompaniyalarining tajribasi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda 2 milliard 600 million dollarlik yirik energetika loyihalari boshlangan.

Ishtirokchilarning e’tibori tashrif arafasida o‘tgan O‘zbekiston-Saudiya ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishining misli ko‘rilmagan natijalariga qaratildi. Jumladan, uning yakunida umumiy qiymati 14 milliard dolladan ziyod loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida bitimlar imzolandi.

O‘tgan 30 yilda bunday ulkan kelishuvlarga erishilmagani, saudiyalik hamkorlar uchun eng yaxshi sharoitlar yaratish ishlari davom ettirilishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari Saudiya kompaniyalarini yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yanada yaqindan hamkorlik qilishga chaqirdi.

Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama sheriklikni rivojlantirishga doir fikrlarini bayon qildi. Xususan, saudiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistondagi yirik banklar, sanoat va infratuzilma ob’ektlarini xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishga taklif etildi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun eng istiqbolli sohalar sifatida “yashil” energetika va “yashil” iqtisodiyot ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekiston shamol elektr stansiyalarini barpo etish, “yashil” vodorod ishlab chiqarish, muqobil energetikani rivojlantirish, sanoatda raqamlashtirishni chuqurlashtirish va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanish borasida faol hamkorlikka tayyor ekani ta’kidlandi.

Mamlakatimiz yetakchisi yurtimiz raqamli iqtisodiyot, bio va nanotexnologiyalar, dasturiy ta’minot, innovatsiyalar va sun’iy intellekt sohalarida sheriklikni kengaytirishdan manfaatdorligini qayd etdi.

Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash va turizm loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish taklif qilindi.

Shuningdek, mamlakatimizda Saudiya taraqqiyot fondi ishtirokida suv va elektr ta’minoti borasidagi infratuzilmaviy loyihalarni takomillashtirish ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan.

Hamkorlik qilish taklifiga javob berar ekan, Saudiya Arabistoni kompaniya, xolding va korporatsiyalari rahbarlari O‘zbekistonda faol biznes uchun yaratilgan sharoitlarni yuksak baholadilar. O‘z chiqishlarida ular qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalarini bayon qilib, turli xil yo‘nalishlarda o‘zaro aloqalar va sheriklikni rivojlantirishga doir nuqtai nazari bilan bo‘lishdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev saudiyalik hamkorlarning taklif va fikr-mulohazalarini diqqat bilan tinglab, barcha loyihalarning amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishini qayd etdi.

Mutasaddilarga ta’sirchan mexanizmlar va aniq ijro muddatlari ko‘rsatilgan kompleks “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilish topshirildi. Shu orqali tashrif doirasida erishilgan barcha kelishuvlar ijrosi uchun tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari shaxsan javobgar bo‘ladilar.

 

Manba: president.uz