×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

O’zbekistonning JSTga a’zo bo’lishi doirasida navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi

Joriy yilning 2 avgust kuni O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev raisligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash bo’yicha Idoralararo komissiyaning navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi.

Tadbir davomida O’zbekistonning JSTga a’zo bo’lishi bo’yicha Ishchi guruhning 5-yig’ilishi yakunlari hamda muzokaralar jarayoni doirasida yaqin kelajakda bajariladigan asosiy vazifalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, Ishchi guruhning 5-yig’ilishi doirasida ko’p tomonlama va ikki tomonlama muzokaralar davomida JSTga a’zo davlatlarga mamlakat tashqi savdo rejimi haqidagi barcha savollarga to’liq javoblar taqdim etildi. Shuningdek, muzokaralar natijalariga asosan, amaliyotga muvofiq, iyul oyi oxirida JSTga a’zo davlatlar tomonidan qo’shimcha yozma savollar yuborildi.

JSTga a’zo bo’lish doirasida faol ikki tomonlama muzokaralar o’tkazish, alohida qo’shimcha hujjatlarni tayyorlash va taqdim etish kabi joriy yilning oxirigacha amalga oshiriladigan asosiy vazifalar belgilandi.

O’zbekiston bo’yicha Ishchi guruhning navbatdagi, 6-yig’ilishini joriy yil oxirigacha o’tkazish uchun respublika JST Kotibiyatiga Tashkilotga a’zo davlatlarning qo’shimcha savollariga javoblar hamda so’rovlarga muvofiq texnik jihatdan tartibga solish, intellektual mulk va boshqa yonalishlarga oid yangilangan hujjatlarni taqdim etish zarurligi ta’kidlandi.

Vazirlik va idoralar rahbarlari Ishchi guruhning 6-yig’ilishiga tayyorgarlik ko’rish maqsadida sifatli, o’z vaqtida va har tomonlama puxta ish olib borishlari lozim.

Umuman olganda, Idoralararo komissiya a’zolariga O’zbekistonning JSTga a’zo bo’lish jarayonini jadallashtirish, barcha vazifalarning yuqori professional darajada bajarilishini ta’minlash, vazirlik va idoralarning harakatlarini tizimli asosda muvofiqlashtirish darajasini oshirish bo’yicha qat’iy ko’rsatmalar berildi. Shu bilan birga, belgilangan muddatlarni kechiktirishga yo’l qo’yilmaslik zarurligi alohida ta’kidlandi.

Yig’ilish yakunida respublikaning JSTga qo’shilishi bo’yicha navbatdagi muzokaralarni samarali va sifatli tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va a’zo bo’lishning joriy holatini tahlil qilish bo’yicha haftalik ishchi muhokamalar o’tkazishga qaror qilindi.

 

Manba: mift.uz