×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo’yicha joriy vazifalar belgilab berildi

2022-yil 25-iyul kuni O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J. Xodjayev rahbarligida videokonferensaloqa tarzida respublikada innovatsiyalarni joriy qilishga qaratilgan faoliyatning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokamasiga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi.

Muloqotda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, oliy o’quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar diqqat markazida 2022-2026 yillarga mo’ljallangan O’zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlanish strategiyasining bajarilishi bo’ldi. Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan ushbu dasturiy hujjat aniq maqsadli parametrlarni o’z ichiga olganligi ta’kidlandi. Xususan, 2026 – yilda O’zbekiston dunyoning eng innovatsion 50 mamlakat ro’yhatiga kirishi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning turli tarmoqlarida 1700 dan ortiq innovatsion loyihalar amalga oshirilishi, innovatsion faoliyat subyektlari soni 613 tadan 2250 taga, innovatsion infratuzilma subyektlari soni esa 3 baravar ko’payishi kutilmoqda. Shuningdek, innovatsiyalarni joriy etishni nazarda tutuvchi investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida yaratilayotgan yangi ish o’rinlari soni 4 barobar oshishi nazarda tutilgan.

Belgilangan maqsadlarga erishish uchun tadbirkorlar, tarmoq birlashmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ta’lim markazlari o’rtasida tizimli hamkorlikni yo’lga qo’yish zarurligi ta’kidlandi.

Yig’ilish davomida mutasaddi rahbarlar innovatsion dasturlarni shakllantirish doirasidagi asosiy vazifalarning bajarilishi haqida xabar berishdi. Strategiyada nazarda tutilgan vazifalarni bajarish muddatlari bilan bog’liq bo’lgan yuqori texnologiyali innovatsion loyihalarni moliyalashtirish va amalga oshirishning tarmoq jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash bo’yicha manzilli topshiriqlar berildi.

Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi rahbariyatiga «Innovatsion boshqaruv», «Loyihalarni boshqarish», «Tijoratlashtirish», «Intellektual mulkni boshqarish» yo’nalishlari bo’yicha ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Yig’ilish yakunida mas’ul ijrochilarga tegishli yo’nalishlar bo’yicha qo’shimcha topshiriqlar berildi va ijro muddatlari belgilandi.

 

Manba: mift.uz