×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

“O‘zbekneftgaz”: “SOCAR” kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqilmoqda

Joriy yilning 7-9 sentabr kunlari “SOCAR” kompaniyasi delegatsiyasi “O‘zbekneftgaz” AJ va tasarrufdagi ishlab chiqarish ob’ektlariga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif “O‘zbekneftgaz” AJ va “SOCAR” kompaniyalari o‘rtasidagi neft va gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan “Yo‘l xarita”siga muvofiq amalga oshirildi.

Tashrif davomida O‘zbekistonda neft va gazni chuqur qayta ishlash sohasini rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Munozaralarda neft va gazkimyo loyihalari kabi mavzular muhokama qilinib, “SOCAR” kompaniyasi faoliyati yo‘nalishlari ham ko‘rib chiqildi. Kompaniyalar tomonidan korporotiv boshqaruv tizimini isloh qilish va tranformatsiya qilish hamda raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar va faoliyat davomida erishilgan tajribalar bo‘yicha fikr almashildi.

Delegatsiya a’zolari Qashqadaryo viloyatidagi “Uzbekistan GTL” zavodi, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi ishlab chiqarish ob’ektlariga tashrif buyurishdi va korxonalarning texnologik imkoniyatlari hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.

“SOCAR” delegatsiya a’zolari “O‘zbekneftgaz” AJning mintaqada va umuman mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlarida neft va gaz sanoatiga qo‘shayotgan hissasini alohida e’tirof etishdi. “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning istiqbolini yuqori baholashdi.

Tashrif yakunida delegatsiya a’zolari ikki kompaniya hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlarni davom ettirish va tomonlarning qiziqishlari tutashgan nuqtalarni belgilashda doimo tayyorligini bildirishdi. Hamkorlar zamonaviy yuqori samaradorlikka ega loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” AJda barcha resurslar mavjud ekanligini ta’kidlashdi.

Ma’lumot uchun: “SOCAR” kompaniyasi Ozarbayjonning yirik neft va gaz kompaniyasi bo‘lib, Kaspiy dengizi mintaqasida va dunyoning ko‘plab davlatlarida (Gruziya, Ruminiya, Qozog‘iston, Turkiya va boshqalar) o‘z faoliyatini olib boradi.  

 

Manba: www.ung.uz