×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

O‘zbekiston va AQSh barqaror savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirmoqchi

Joriy yilning 5-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekiston Respublikasidagi yangi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jonatan Xenik bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Jamshid Xo‘jaev, avvalo, Jonatan Xenikni yangi lavozimi bilan tabriklab, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik masalalarini birgalikda hal etish platformalarining samaradorligi, xususan, 2021-yil dekabr oyida birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tgan Strategik sheriklik muloqoti salohiyati yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, mintaqaviy kun tartibi bo‘yicha, jumladan, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashning samarali va muhim vositasiga aylangan “C5+1” tashabbusi doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga ikkala mamlakatning sodiqligi alohida ta’kidlandi.

Shu bilan birga, uchrashuv ishtirokchilari davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish, texnik jihatdan tartibga solish va intellektual mulk huquqlarini ta’minlash masalalarini nazarda tutgan holda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonining bugungi holatini ko‘rib chiqdilar. AQSh tomoni O‘zbekistonga Tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonida yordam berishda davom etishga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekiston va Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) o‘rtasida energetika, transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlik doirasida avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirilishi, DFC moliyalashtirgan DXSh loyihalarini hayotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.

Muzokaralarda muhokama qilingan boshqa mavzular qatorida to‘qimachilik sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham o‘rin oldi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini AQSh bozoriga eksport qilish uchun imtiyozli savdo rejimini joriy qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Suhbat yakunida ikki tomonlama kun tartibining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga o‘zaro sodiqlik bildirildi.

 

Manba: mift.uz