×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Toshkentda “Uzbekistan Trade Info” savdo axboroti platformasi ishga tushirildi

Joriy yilning 23-noyabr kuni Tashkent Citydagi Hilton mehmonxonasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, UNCTAD/JST Xalqaro savdo markazi (XSM) hamkorligida ishlab chiqilgan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Ready4Trade Central Asia” loyihasi doirasida savdo qilish tartibi toʻgʻrisida batafsil axborot beruvchi Uzbekistan Trade Info platformasini ishga tushirishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirni investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Badriddin Abidov ochib berdi.

U oʻz nutqida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining biznesni qoʻllab-quvvatlash va savdoni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va jahon bozorlari bilan savdo aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan izchil sa’y-harakatlarining muhimligini ta’kidladi.

Tadbir davomida Uzbekistan Trade Info axborot platformasining rasmiy taqdimoti hamda uni ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, ushbu platforma Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoning xalqaro bozorlarga chiqish uchun ochib berayotgan imkoniyatlar muhokama qilindi.

Uzbekistan Trade Info onlayn-vositasi transchegaraviy savdo bilan bogʻliq ma’lumotlarga bepul va doimiy ega boʻlishni ta’minlashga, tadbirkorlar uchun vaqt va xarajatlarni qisqartirish va savdoni tartibga solishga, shuningdek savdo jarayonidagi toʻsiqlarni olib tashlashga yordam beradi.

Platformadagi ma’lumotlarning yangilanishini ta’minlash uchun u jamoa tomonidan davlat organlari va xususiy sektor bilan birgalikda ishlab chiqildi.

Platforma Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan 4 yillik “Ready4Trade – Markaziy Osiyo” loyihasi doirasida ishga tushirildi. Savdo aloqalarini kengaytirishga qaratilgan ushbu mintaqaviy loyiha Markaziy Osiyoning Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston kabi beshta davlatida mintaqalararo va xalqaro savdoni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi.

“Uzbekistan Trade Info” savdo axborot platformasi transchegaraviy savdoni osonlashtirish, mavjud milliy onlayn-servislar bilan yaratilgan imkoniyatlarni kengaytirish hamda Oʻzbekiston xususiy sektoriga xalqaro savdoning barcha imkoniyatlaridan foydalanishda yordam berishning samarali vositasi boʻlib xizmat qiladi.

 
Manba: mift.uz