×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

O‘zbekiston Xitoyda o‘tkazilayotgan 29-xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda

Xitoyning Shensi provinsiyasining Yangling shahrida 19-sentabrga qadar davom etadigan “Innovatsiyalar, kooperatsiya va oziq-ovqat xavfsizligi” mavzuida 29-Yangling yuqori qishloq xo‘jaligi texnologiyalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

Yangling yarmarkasi Xitoydagi yirik qishloq xo’jaligi ko’rgazmalaridan biri bo’lib, “5A” darajasiga ega va 1997 yildan beri har yili o’tkazib kelinmoqda. Namoyish zonasi 13 xil almashinuv platformalari orqali 60 ga yaqin mamlakatlar bilan hamkorlik qiladi.

Shu bilan birga, Shanxay hamkorlik tashkiloti kotibiyati va Xitoy xalqaro qishloq xo‘jaligi hamkorligiga ko‘maklashish assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan “SHHT-2022” qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.

Tadbirning ochilishida Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ji Bingxuan, Shensi provinsiyasi gubernatori Chjao Yide va boshqa nufuzli shaxslar so‘zga chiqdi.

Ular o‘z chiqishlarida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik, Xitoyning xalqaro savdo-iqtisodiy faoliyati, transport-kommunikatsiya imkoniyatlarini kengaytirish, “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi doirasida barqaror rivojlanish sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritildi.

So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladilar.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher To‘rayev videomurojaat bilan ishtirok etdi va yig‘ilganlarga O‘zbekiston taraqqiyoti, uning sarmoyaviy va eksport salohiyati, O‘zbekiston-Xitoy savdo-iqtisodiy hamkorligida erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi.

Ko‘rgazma doirasida bir qator tematik forumlar va boshqa tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, 15-sentabr kuni ShHT doirasida zamonaviy qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Forum mavzusi “Qashshoqlikni qisqartirish va qishloq xo‘jaligi texnologiyalari sohasida hamkorlik”.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosarining davra suhbatida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, jumladan, agrar tarmog‘i haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, respublikada yetishtirilayotgan ekologik toza ho‘l sabzavot, meva, meva, sabzavot va ularni sanoatda qayta ishlash bo‘yicha tayyor yuqori sifatli mahsulotlarning ulkan va noyob salohiyati ta’kidlandi.

Xalqaro ko‘rgazma doirasida 50 dan ortiq davlat, jumladan, O‘zbekistonning milliy stendlari tashkil etildi.

Bu yil O‘zbekiston ShHTga raislik qilayotgan davlat bo‘lgani uchun mazkur ko‘rgazmada “faxriy mehmon” sifatida ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazmada qandolat mahsulotlari, mineral suvlar, tabiiy asal, dorivor o‘simliklar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, quritilgan mevalar va boshqa mahsulotlar namoyish etilmoqda.

Shensi provinsiyasi maʼmuriyati Oʻzbekistonga pandemiya cheklovlariga qaramay, xalqaro koʻrgazmada “faxriy mehmon” sifatida va keng assortimentda ishtirok etgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

 

Manba: dunyo.info