×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Sanoat o‘sishi uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslar beriladi – prezident

Sanoat o‘sishi uchun yangi imkoniyatlar va qo‘shimcha moliyaviy resurslar beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoatda ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlarini ta’minlash, mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida aytildi.
Ta’kidlanishicha, birinchidan, bank normativlari qayta ko‘rib chiqilib, tijorat banklarida korxonalarga kredit ajratish uchun qo‘shimcha 55 trillion so‘m resurslar ta’minlanadi. Bu – o‘rtacha bitta tumanda 20 million dollarlik investitsiyaga qo‘shimcha resurs, degani.

“Eng avvalo, tijorat banklari bilan birga hokimlarni bu pullarni ishlatishga o‘rgatish kerak. Ko‘p tuman hokimlari tayyor mablag‘ni ishlatishni hali bilmaydi”, – dedi prezident.

Shu munosabat bilan har bir tuman bo‘yicha qo‘shimcha loyihalar va ularning “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, avval ishga tushgan 807 ta loyiha hamda past quvvatda ishlayotgan 271 ta korxonani aylanma mablag‘ bilan ta’minlashga topshiriq berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda aytilishicha, 2023 yilda sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari infratuzilmasi uchun 1,7 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, “G‘ijduvon” va “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonalari hududi kengaytiriladi. Qoraqalpog‘iston va Qashqadaryoda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining filiallari tashkil etiladi.
Mutasaddilarga:
– 1 iyulga qadar sanoat zonalariga ajratilgan mablag‘lar hisobiga infratuzilma masalasini hal etish;
– yil yakuniga qadar sanoat zonalarida 1 ming 264 ta loyihani ishga tushirib, qo‘shimcha 3 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarishni ta’minlash topshirildi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga hokimlar o‘rinbosarlari bilan birga:
– bir oy muddatda 60 ta tumandagi sanoat loyihalariga investitsiya jalb qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlab, ijrosini boshlash;
– yil yakuniga qadar har bir tuman bo‘yicha kamida 5 tadan sanoat loyihasini ishga tushirib, ular toifasini yaxshilash topshirildi.

Manba:  uz.sputniknews