×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

O‘zbekiston dunyoning 117ta mamlakatiga mahsulot eksport qilmoqda

2017–2022 yillar mobaynida O‘zbekistonning eksport geografiyasi 16ta mamlakatga kengayib, bugungi kunda mahsulotlar 117ta davlatga eksport qilinmoqda. Tovar nomenklaturasida 2017 yildagi 179 xil mahsulot turi 2022 yilga kelib 200dan oshgan.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari 2017–2022 yillar oralig‘ida O‘zbekiston eksporti geografiyasi va tovar nomenklaturasida ro‘y bergan o‘zgarishlarni tahlil qildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida tovar va xizmatlar eksport qilinadigan mamlakatlar soni ham, tovar nomenklaturasidagi mahsulotlar turi ham ko‘paygan. 

2017–2022 yillar mobaynida O‘zbekistonning eksport geografiyasi 16ta mamlakatga kengayib, bugungi kunda mahsulotlar 117ta davlatga yetib bormoqda. Xususan, Peru (3 mln 965,9 ming dollar), Albaniya (3 mln 196,3 ming dollar), Shimoliy Makedoniya (1 mln 454,7 ming dollar), Senegal (311,7 ming dollar), Mavrikiy (303,1 ming dollar) kabi mamlakatlarga ham mahsulotlarni eksport qilish yo‘lga qo‘yildi. Tovar nomenklaturasida 2017 yildagi 179 xil mahsulot turi 2022 yilga kelib 200 dan ortdi.

Shuningdek, paxta tolasi eksportidan voz kechilib, uning o‘rniga paxtadan tayyorlangan qo‘shilgan qiymati yuqori tovarlar eksporti yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, umumiy qiymati 1 mlrd 613,5 mln dollarga teng bo‘lgan paxtadan yigirilgan ip, 644,9 mln dollarlik tayyor trikotaj va to‘qimachilik mahsulotlari, 242,8 mln dollarlik naqshli mato, 131,6 mln dollarlik gazlamalar, 78,1 mln dollarlik ipak va ipak mahsulotlari, 42,1 mln dollarlik gilam mahsulotlari eksport qilindi.

Maishiy texnika vositalaridan changyutkich, kir yuvish mashinasi, gaz plitasi, televizor kabi tovarlar quyidagi mamlakatlarga yetkazib berilmoqda:

  • changyutkichlar – Qozog‘iston, Rossiya, Ukraina, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarboyjonga;
  • kir yuvish mashinalari – Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston, Ozarboyjon, Moldova, Turkmaniston, Turkiyaga;
  • gaz plitalari – Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Armanistonga;
  • televizorlar – Rossiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Armaniston, Qirg‘izistonga.

 

Manba: kun.uz