×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Avgust oyida O‘zbekiston hududlarida yuqori ishbilarmonlik faolligi kuzatildi (+infografika)

Mamlakatimizdagi iqtisodiy vaziyatni baholash uchun Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan har oyda hududlar va tumanlar miqyosida tadbirkorlik faolligi holati o‘rganib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishbilarmonlik faolligi tahlili har oyda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tezkor ma’lumotlar asosida (respublikaning barcha sohalari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring, Davlat bojxona qo‘mitasi, DSQ, MB va O‘zRXTB) hisoblab chiqiladi.

Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning 1 yanvaridan 31 avgustigacha bo‘lgan davrda respublikada soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,5%ga oshgan.

Jumladan, Farg‘ona (38,7%), Samarqand (36,3%), Sirdaryo (35,5%), Surxondaryo (34,4%), Buxoro (32,3%), Xorazm (31,9%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (42,8%soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi.

Soliq tushumlarining o‘sishi iqtisodiyotdagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida, shuningdek, soliq ma’muriyatchiligi tizimini takomillashtirish, jumladan yangi ma’muriy vositalarni joriy etish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish va soliq qonunchiligi talablariga rioya etish tartibini soddalashtirish hisobiga ta’minlandi.

Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40,0%ga oshdi. Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi (59,0%), Andijon (51,9%), Xorazm (48,6%), Buxoro (46,8%), Sirdaryo (44,3%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (46,2%) kuzatildi.

Bojxona tushumlarining o‘sishi tashqi savdo aylanmasining o‘sishi, mamlakatimizda ishlab chiqarish quvvatlarining oshirishi, bojxona ma’muriyatchiligi tartib-taomillarini soddalashtirish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, jumladan, bojxona organlari tomonidan risklarni boshqarish tizimidan keng foydalanish hisobiga ta’minlandi.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan 31 avgustga qadar tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,0%ga oshgan. Tovarlar eksport hajmining sezilarli o‘sishi Samarqand (35,9%), Qashqadaryo (35,9%), Andijon (35,1%), Namangan (30,7%), Sirdaryo (27,7%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (45,3%) qayd etildi.

O‘zbekiston eksportining o‘sishi sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sish sur’atlari bilan izohlanadi.

Tovar eksportining qisqarishi Buxoro (10,7%), Surxondaryo (7,3%) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (16,1%) kuzatildi.

Eksport hajmining kamayishi Buxoro viloyatida paxta tolasining ichki bozorga yo‘naltirilganligi bilan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida plastmassa va undan tayyorlangan mahsulotlar, ip-kalava va (qizilmiya ildizidan tayyorlanadiganfarmatsevtika mahsulotlari eksportining kamayishi bilan, Surxondaryo viloyatida meva-sabzavot mahsulotlari (dukkakli o‘simliklar, pomidor, mosh, piyoz) eksportining kamayishi bilan bog‘liq.

Joriy yilning 1 yanvaridan 31 avgustigacha bo‘lgan davrda tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,0%ga o‘sdi.

Berilgan kreditlar hajmining o‘sishi Farg‘ona (23,1%), Toshkent (20,2%), Andijon (16,0%), Samarqand (7,3%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (7,7%) va Toshkent shahrida (16,6%) kuzatilgan.

Sirdaryo (-48,9%), Navoiy (-30,5%), Surxondaryo (-19,3%), Buxoro (-13,0%), Qashqadaryo (-9,9%), Jizzax (-8,1%) va Namangan (-0,5%) viloyatlarida ajratilgan kreditlar miqdorining kamayganligi kuzatildi. Bu 2021 yilning mos davrida ushbu viloyatlarda tekstil va boshqa ishlab chiqarish loyihalari uchun katta miqdorda kreditlar ajratilganligi bilan bog‘liq.

Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 42,6%ga o‘sdi. Birjada savdo faolligining sezilarli o‘sishi Jizzax (62,6%), Navoiy (55,7%), Xorazm (53,4%), Toshkent (45,3%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (54,2%) kuzatildi.

Ushbu hududlarda tuzilgan bitimlar hajmining o‘sishi mineral o‘g‘itlar, texnik chigitlar, avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, qurilish va xo‘jalik materiallari, o‘simlik yog‘i, bug‘doy uni, bug‘doy, shakar, paxta tolasi, qora va rangli metallar, polietilen, polipropilen, etil spirti va boshqa mahsulotlar savdosining ko‘payishi hisobidan erishilgan.

Tahlil qilinayotgan davrda 62 685 ta yangi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tashkil etilib, ularning eng ko‘pi Samarqand (7 822), Qashqadaryo (6 158), Farg‘ona (5 989), Toshkent (4 604), Andijon (4 089) viloyatlarida va Toshkent shahrida (10 299) ro‘yxatga olingan.

 

Manba: review.uz