×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Surxondaryo viloyatining yirik investitsiya loyihalari faoliyati o’rganildi

Joriy yilning 19 sentyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida hamda vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo’yicha Hukumat komissiyasi Surxondaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining hozirgi holatini o’rganish, viloyatning investitsiyaviy, sanoat va eksport salohiyatini yanada mustahkamlash bo’yicha samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish, shuningdek, mahalliy tadbirkorlarini qiynayotgan dolzarb muammolarni hal qilishda yordam ko’rsatish uchun ushbu hududga jo’nab ketdi.

Viloyat ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan tanishuv gilam mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Termez National Carpets” MCHJ dan boshlandi. Bu yil ishga tushirilgan loyihaning qiymati 236 milliard so’mni tashkil etadi. Korxonada Germaniya, Belgiya va Turkiyadan olib kelingan uskunalar o’rnatildi. 250 ga yaqin mutaxassis ishlaydigan zavodning ishlab chiqarish quvvati bugungi kunda yiliga 4,5 million kvadrat metr mahsulotni tashkil etadi.

Yo’nalishdagi yana bir yirik investitsiya loyihasi – 2,2 million dollar qiymatidagi “Termiz-Agro-Impex” MCHJ bo’ldi. Korxona yiliga 300 tonna qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaradi, ularning 80% eksport qilinadi. Bu erda 45 kishi ish bilan ta’minlangan, o’zlarining muzlatgichlari mavjud.

Bundan tashqari, Hukumat komissiyasi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasini qurish bo’yicha ishlarning borishini o’rganib chiqdi. Transport-logistika, xizmat ko’rsatish, ijtimoiy xizmatlar, savdo markazlari va ishlab chiqarish ob’ektlari binolari qurilayotgan loyihaning umumiy qiymati 750 mlrd so’mni tashkil etadi. Joriy yilning dekabr oyida 6000 nafar xodimni yollash bilan ob’ektni ishga tushirish rejalashtirilgan, ulardan 3500 nafari ayollar va yoshlardir.

Tashrif buyurilgan ob’yektlarda bo’lib o’tgan muloqotda tadbirkorlar o’z muammolari va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirish bo’yicha takliflari bilan o’rtoqlashdilar. Mas’ul rahbarlarga bildirilgan barcha masalalarni hal etish choralarini ko’rish va konstruktiv takliflarni respublika darajasida kompleks qarorlar tayyorlashda inobatga olish bo’yicha topshiriqlar berildi.

Hukumat komissiyasining hududdagi faoliyati davom etadi.

 

Manba: mift.uz