×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Saudiya Arabistoni biznes vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

23-dekabr kuni Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaev Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Toshkentda bo‘lib turgan ACWA Power, Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group, SABIC, Al Rajhi International, Jamjoom Pharma, Fawaz Al Hokair Group, Seera Group va boshqa kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda, shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, ikki mamlakat vazirliklari, idoralari va tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zaro ishonch ruhida bo‘lib o‘tgan suhbatda Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari vakillariga keyingi yillarda O‘zbekistonda yaratilgan qulay investitsyaviy muhit haqida ma’lumot berildi. So‘z investorlar huquqlarini himoya qilish, zarur infratuzilmani yaratish, bank sektorini o‘zgartirish, keng ko‘lamli xususiylashtirish, erkin savdo rejimi va YeI bozorlariga GSP+ imtiyozli asosda hududiy bozorlarga eksport qilish imkoniyatlarini ochish haqida bordi.

Muloqot chog‘ida joriy hamkorlik masalalari, uni yaqin kelajakda kengaytirish imkoniyatlari, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish ayrim jihatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston hukumatining investitsiya loyihalarini amalga oshirishning barcha bosqichlarida – loyihadan oldingi hujjatlarni birgalikda ishlab chiqishdan tortib, ob’ektlarni ishga tushirishgacha har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.

O‘z navbatida saudiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistondagi investitsiya muhitini, xorijiy investitsiyalarni himoya qilish bo‘yicha qonunchilik bazasini yuqori baholadilar. Istiqbolli sarmoyaviy loyihalarni ishlab chiqish doirasida o‘zbekistonlik hamkasblar bilan konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

Suhbat davomida KSA tadbirkorlari O‘zbekistonga sarmoya kiritishning moliyaviy, texnik va huquqiy jihatlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari vakillari bilan ikki tomonlama munosabatlarni muvofiqlashtirish, savdo kelishuvlari va shartnomalariga erishish maqsadida keyingi hamkorlik formati ishlab chiqildi.

 

Manba: mift.uz