×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

O‘zbekiston-Turkiya ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish yo‘llari belgilab olindi

Joriy yilning 29-oktabr kuni hukumat delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi doirasida Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev xorijlik hamkasblari bilan qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. Asosiy e’tibor ustuvor tarmoqlardagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlanish istiqbollariga qaratildi.

Turkiya Respublikasi Savdo vaziri Mehmet Mush bilan uchrashuvda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining o‘sish dinamikasi alohida ta’kidlandi. Oxirgi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshib, 2021-yilda 3,4 milliard dollarni, joriy yilning 9 oyida esa 2,4 milliard dollarni tashkil etdi. Tomonlar savdo tuzilmasini diversifikatsiya qilish doirasida hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.

Shuningdek, transport va logistika sohasidagi munosabatlar yuzasidan fikr almashildi. Turkiyaning yuklar tranziti boʻyicha xalqaro shartnomalarga qoʻshilish istiqbollari koʻrib chiqildi, shuningdek, savdo yoʻlaklarini diversifikatsiya qilish, tranzit jarayonlarini optimallashtirish va soddalashtirish, transport infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni faollashtirishga kelishildi.

Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vaziri Vahit Kirishji bilan muzokaralar chogʻida qishloqlarni rivojlantirish, jumladan, chorvachilik, parrandachilik, dehqonchilik, sut va goʻsht yetishtirish sohalarida loyihalar va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda amalga oshirilishiga grantlar ajratish boʻyicha Turkiya tajribasini Oʻzbekistonda qoʻllashga asosiy eʼtibor qaratildi.

Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishlari vaziri Murat Kurum bilan uchrashuvda ijtimoiy uy-joy qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Turkiya tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash, shuningdek, aholi salomatligi punktlari va Orol bo‘yi hududida bandlikni oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shu kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ishtirokida TOGG elektromobillarini ishlab chiqaruvchi zavodning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: TOGG zavodi Turkiyaning Bursa viloyatida joylashgan. Qurilishga 3,7 milliard dollar sarmoya kiritilib, yiliga 175 ming dona, 2030-yilgacha esa sedan, xetchbek, krossover va boshqa turdagi 1 million dona elektromobil ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Korxonada 800 dan ortiq kishi ishlaydi. TOGG shuningdek, Turkiyaning 81 viloyatida 600 dan ortiq quvvatlash stansiyalari infratuzilmasini qurmoqda.

 

Manba: mift.uz