×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Turizm sohasidagi ulkan imkoniyatlar va ulardan foydalanish bo‘yicha vazifalar ko‘rsatib o‘tildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-sentabr kuni mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Biryoqlama iqtisodiyot barqaror bo‘lmaydi. Shu bois mamlakatimizda iqtisodiyotni tarkibiy isloh qilib, keng ko‘lamda rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, turizm drayver sohalardan biri sifatida belgilanib, zarur sharoitlar yaratilmoqda. 

Masalan, sayyohlarga viza berish yengillashtirildi. Aeroportlarda navbatlar va tekshirishlarga barham berildi, yashil yo‘laklar qilindi. Valyuta ayirboshlash bemalol bo‘ldi. Turizm korxonalari uchun ijtimoiy soliq va aylanma soliq stavkalari 1 foiz etib belgilandi, yer solig‘i va mol-mulk soliq stavkalari 90 foizga kamaytirildi. Mehmon o‘rinlari soni 2017-yilga nisbatan 3 barobar ko‘payib, 125 mingtaga yetdi. Mehmonlar elektron ro‘yxatdan o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Bu yil turizm pandemiyadan keyin qayta tiklanyapti. Sentabrgacha yurtimizga kelgan xorijiy turistlar soni 2021-yilga nisbatan 3 baravarga ko‘paydi. Yil boshidan buyon turizm eksporti hajmi 926 million dollar bo‘ldi. Yurtimizga kelgan mehmonlarning sayohati o‘rtacha 4-5 kungacha, sarflagan mablag‘i 305 dollargacha ko‘paydi.

Ichki sayyohlar soni ham o‘tgan yilga nisbatan 3,5 baravarga o‘sib, 7,5 million nafarni tashkil qildi.

Prezidentimiz bu sohaga alohida e’tibor qaratib, sharoit yaratayotgani bejiz emas. Chunki turizmda topilgan daromadning 30 foizi odamlarning qo‘liga ish haqi bo‘lib boradi. Boshqa tarmoqlarda bu 10 foizdan oshmaydi. Turizm sohasida yaratilgan bitta ish o‘rni turdosh tarmoqlarda qo‘shimcha ikkita ish o‘rni paydo bo‘lishiga turtki beradi. Ya’ni, turizm ham aholi bandligini ta’minlash, daromadini ko‘paytirish, ham xizmatlar eksportini oshirishda juda katta manba.

Yig‘ilishda turizm bo‘yicha hududlardagi ishlar holati tahlil qilindi. Bu boradagi ulkan imkoniyatlar va ulardan foydalanish bo‘yicha vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqandda “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi barpo etildi. Yaqinda u yerda Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti yuqori saviyada o‘tdi. Bu ko‘p tarmoqli markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress markazi, “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va ko‘plab boshqa inshootlar bor. U yiliga 2 million turistga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Davlatimiz rahbari endi bu majmuaga sayyohlarni jalb etish, elchixonalar va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” brendini targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Transport vazirligiga yangilangan Samarqand xalqaro aeroporti imkoniyatlaridan samarali foydalanish, xorijiy aviakompaniyalar reyslariga bo‘lgan cheklovlarni olib tashlab, xalqaro qatnovlarni ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Shu yil 26-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda shahar va tumanlarda turizm xizmatlarini ko‘paytirish, bunday loyihalar uchun 1 trillion so‘mlik kredit resurslari ajratish choralari belgilangan edi. Buning ijrosi tahlil qilinar ekan, viloyatlarda sayyohlar boradigan joylar kamligi, mablag‘lar hali tadbirkorlarga yetib bormagani ko‘rsatib o‘tildi.

Farg‘ona viloyati hokimi 5 ta tuman va 3 ta shaharni qamrab olgan “Oltin vodiy sayyohlik halqasi”ni tashkil etish borasidagi ishlarni so‘zlab berdi. Davlatimiz rahbari bunday loyihalarni boshqa hududlarda ham amalga oshirish, tashabbuskorlarni moliyaviy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, suv omborlari, o‘rmon xo‘jaligi yerlarini o‘rganib, xavfsiz yerlarda turistik zonalar tashkil etish mumkinligi qayd etildi. Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazmning cho‘l hududlarida “safari” turizmini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Yana bir salohiyatli yo‘nalish – ziyorat turizmi. Mamlakatimizda 1 ming 200 dan ziyod ziyoratgoh bor. Yig‘ilishda bu imkoniyatni to‘liq ishga solib, yiliga kamida 1 million sayyoh jalb qilish mumkinligi ta’kidlandi. 

Indoneziya, Malayziya, Hindiston, Pokiston, Bangladesh va arab mamlakatlaridan aviareyslarni ko‘paytirish, malakali gidlar tayyorlash, ziyoratgohlar sharoiti va yo‘llarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yurtimizda turizmga ixtisoslashgan 135 ta mahalla bor. Ularning aksariyati uzoq hududlarda bo‘lgani uchun infratuzilma masalasi dolzarb.

Shu bois Prezident turizm mahallalarida yo‘l, elektr, suv va internet muammosini hal etish bo‘yicha dastur ishlab chiqishga ko‘rsatma berdi.

Sayohatlar uchun avtomobil yo‘llari ham muhim. Lekin zamona zayli bilan avtomobillar soni tobora ko‘payib bormoqda. Masalan, “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida besh yil oldin sutkasiga 25 mingta avtomobil yurgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 35 mingtaga yetgan. Oqibatda yo‘lga ketadigan vaqt ham ortgan.

Shuning uchun mamlakatimiz shaharlari o‘rtasida poyezd va samolyot qatnovlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz turistlar uchun qulayliklarni ko‘paytirish, sohaga oid tartiblarni soddalashtirish masalalariga alohida to‘xtaldi.

Masalan, bugungi kunda mehmonxona tashkil etish uchun 97 ta talab bor. Tadbirkorlarning fikrlarini inobatga olib, bu talablarni xalqaro standartlar asosida soddalashtirish vazifasi qo‘yildi.  

Turistlarni ichki ishlar idoralarida ro‘yxatga olish tartibida ham noqulayliklar bor. Xususan, xorijdan kelgan turistni mehmonxona 2 kun ichida, qarindoshinikida qolganda esa, uyning egasi 3 kun ichida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.

Ichki ishlar vazirligiga bu tizimni tahlil qilib, ortiqcha cheklovlarni olib tashlash bo‘yicha topshiriq berildi. Bunda xorijiy turistlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish o‘rniga onlayn xabardor qilish tartibiga o‘tiladi.

Shuningdek, turistik agentlarga ham litsenziya talabi bekor qilinib, xabardor qilish tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu orqali qo‘shimcha 1 mingta turagent paydo bo‘lishiga imkoniyat yaratiladi.

– Turizm – bu ham investitsiya, ham eksport, ham yangi ish o‘rinlari va kambag‘allikni qisqartirish degani. Shuning uchun har bir hududda bu sohaga jiddiy e’tibor qaratib, ko‘proq sayyohlarni jalb etish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Umuman, kelgusi yilda 7 million xorijiy va 12 million mahalliy turistlarni jalb qilish, turizm eksportini 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi ta’kidlandi. Bu bo‘yicha aniq yo‘nalishlar ko‘rsatilib, ijrosiga mas’ullar belgilandi.

 

Manba: president.uz