×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

O‘zbekiston va SAP: ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish yoʻlida

23-dekabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih oʻrtasida tor doiradagi muzokaralar boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekistonning turli hududlarida muqobil energiya sohasida qator yirik loyihalarni amalga oshirayotgan ACWA Power kompaniyasining ijobiy tajribasi qayd etildi. Kompaniya hozirgi kunda amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusidagi investitsiya tashabbuslarini hayotga tatbiq etishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga o‘zaro tayyorlik bildirildi.

Sabic, Saudi Telecom, Dr. Sulaiman Al Habib Group, Jamjoom Pharma, Al Rajhi International va Ajlan & Bros Holding Group, Al Hokair Group kabi kompaniyalar va Saudiya Arabistoni Milliy banki bilan kimyo, telekommunikatsiya, tibbiyot, farmatsevtika sohalari va bank sektori, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, chakana savdo tarmoqlarini tashkil etish yo‘nalishlarida bir qator loyihalarni maromiga yetkazib, foydalanishga topshirishni tezlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar har ikki davlat hukumatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rgan holda loyihalarni amalga oshirishni har tomonlama faollashtirish zarurligiga kelishib oldilar.

Ikki davlat ishbilarmon doiralari ishtirokida bo‘lib o‘tgan biznes-forum hamda uning davomida imzolangan bir qator istiqbolli bitim va shartnomalar yuzasidan fikr almashildi. Erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlar ko‘rishga kelishildi.

Muloqot davomida mintaqaviy ahamiyatga molik infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi va O‘zbekiston To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumini imzolashni tezlashtirish, 2023-yil fevral oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining 5-yig‘ilishi hamda “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi”ni tashkil etish chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha uning ishtirokchilari sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga oʻzaro sodiqligini tasdiqladilar hamda muhokama qilingan barcha loyiha va tashabbuslarni oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirish uchun oʻzaro hamkorlik formatini kelishib oldilar.