×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

O’zbekiston va Qozog’iston ko’p qirrali hamkorlikni rivojlantirmoqchi

Joriy yilning 26 sentyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Qozog’iston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin boshchiligidagi ikki mamlakat delegatsiyalari o’rtasida kengaytirilgan tarkibda muzokaralar bo’lib o’tdi. Uchrashuvda, shuningdek, O’zbekiston va Qozog’istonning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalarining mas’ul rahbarlari ishtirok etdi.

Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikning kun tartibidagi dolzarb masalalari hamda uni kengaytirish bo’yicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Tomonlar ko’p qirrali ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladilar, shuningdek ulardan to’liq foydalanishga qaratilgan barcha choralarni ko’rishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Xususan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari ko’rib chiqildi. Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazining (XSKM) tashqi va ichki infratuzilmasini tashkil etish bo’yicha loyiha-smeta hujjatlarini, shuningdek, XSKM faoliyatini tartibga soluvchi tegishli Hukumatlararo bitimni qisqa muddatda ishlab chiqishga kelishildi.

Shu bilan birga, tomonlar avtomobilsozlik, fosfor va kompleks mineral o’g’itlar ishlab chiqarish, elektrotexnika sanoatida ikki davlat hududlarida qo’shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko’rib chiqdilar.

Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish va qishloq xo’jaligi sohasida o’zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar dori-darmonlarni ro’yxatdan o’tkazishni soddalashtirishga va forvard shartnomalari asosida qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo’yicha birgalikda ish olib borishga kelishib oldilar.

Temir yo’l va avtomobil yo’llarining diversifikatsiyasi va ikki mamlakat o’rtasidagi parvozlar sonining ko’payishini nazarda tutib, transport va logistika sohasida ham hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari tahlil qilindi.

Shuningdek, O’zbekiston va Qozog’iston o’rtasidagi Ikki tomonlama hamkorlik bo’yicha Hukumatlararo qo’shma komissiyaning navbatdagi 20-yig’ilishini hamda uning doirasida Toshkent shahrida 4-Qo’shma hududlararo forumini tashkil etish masalalari ko’rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o’zaro munosabatlarning barcha muhokama qilingan yo’nalishlari bo’yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga sodiqlik bildirdilar.

 

Manba: mift.uz