×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Toshkentda O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 23-dekabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Hilton Tashkent City mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Saudiya Arabistoni Podshohligi Investitsiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, ikki mamlakatning vazirlik va idoralari hamda 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil avgust oyidagi Saudiya Arabistoniga tashrifi so’nggi yillarda ijobiy rivojlanish dinamikasini namoyon etayotgan O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirishga kuchli turtki berganini alohida ta’kidladilar.

Jumladan, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 barobarga oshdi.

Investitsiyaviy hamkorlikda ham ijobiy o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda – so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonda Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 5 barobarga oshdi. Saudiya kompaniyalari bilan birgalikda energetika, neft-kimyo, sog‘liqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi sohalarida qiymati 17 milliard dollardan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda iqtisodiyotdagi davlat ulushini qisqartirish va davlat korxonalarini xususiylashtirish, banklarni transformatsiyalash, samarali fond bozorini shakllantirish, ustuvor tarmoqlarda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan islohotlarni davom ettirishga qat’iy sodiqlik bildirildi.

Tashqi savdo hajmi va geografiyasini kengaytirish uchun ochilayotgan imkoniyatlar, jumladan, mintaqaviy bozorlar va GSP+ imtiyozlari asosida Yevropa Ittifoqi bozorlariga erkin kirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yirik mintaqaviy transport loyihalarini ilgari surish orqali savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish va mamlakatning JSTga kirish bo‘yicha sa’y-harakatlari so‘zga olindi.

– O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni boy tabiiy resurslarga, ulkan sanoat salohiyatiga ega. Biz O‘zbekistonda ham, Saudiya Arabistonida ham yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qo‘shma korxonalarni tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz, ular kelgusida aholisining umumiy soni 1,4 milliarddan ko‘proq potentsial iste’molchisi bo‘lgan mintaqaviy va Yevropa bozorlariga, shuningdek, Katta Arab erkin savdo hududi mamlakatlariga eksport qilinadi, – dedi Jamshid Xodjayev o‘z nutqida.

O‘z navbatida Saudiya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning sur’ati va samaradorligini, ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni tubdan kengaytirish imkoniyatlarini yuqori baholadi. Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri ikki davlat oʻrtasidagi sarmoyaviy va savdo aloqalarini mustahkamlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish sodiqligini bildirdi va Saudiya Arabistoni tadbirkorlarini oʻzaro manfaatli shartnoma va bitimlar tuzishga chaqirdi.

Neft-gaz va neft-kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik, infratuzilma qurilishi va turizm kabi sohalardagi Investitsion hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab berildi. “B2B” va “G2B” muzokaralarida ishbilarmon doiralarning aloqalarni o‘rnatish va hamkorlikda ishlashga qiziqayotganligi ma’lum bo‘ldi. Unda tadbirkorlar va investorlar mushtarak manfaatlari kashf etishga va yaqin kelajakda mustahkam kelishuvlarga erishish maqsadida o‘zaro manfaatli yangi tashabbuslarni muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Forum yakunlari boʻyicha ustuvor tarmoqlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar toʻplami imzolandi, ularning amalga oshirilishi Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik koʻlamini sezilarli darajada kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yuqori darajada chiqarish imkonini beradi.

 

Manba: mift.uz