×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

O’zbekiston-Eron hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 14 sentyabr kuni Samarqand shahrida O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun oliy darajadagi Eron delegatsiyasining tashrifi doirasida mamlakatimizda bo’lib turgan Eron neft vaziri Javad Avjiyning muzokaralari bo’lib o’tdi.

Uchrashuv davomida tajriba almashish va kadrlar salohiyatini yuksaltirish, neft-gaz va neft-kimyo tarmoqlari ehtiyojlari uchun qo’shma korxonalarda uskunalar ishlab chiqarish va yetkazib berishni tashkil etish kabi yo’nalishlarda uzoq muddatli va o’zaro manfaatli hamkorlikni yo’lga quyish istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, tomonlar O’zbekistondagi neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish, neft-kimyo sanoati ehtiyojlari uchun eng yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan katalizatorlar ishlab chiqarish va maqbul narxlarda burg’ulash qurilmalarini yetkazib berishni tashkil etish bo’yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkoniyatlarini ko’rib chiqdilar. Eron tomoni loyihalarni hayotga tatbiq etishda to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarni jalb qilish choralarini ko’rishga tayyorligini bildirdi.

Neft va gaz sanoati xodimlarining tajribasi va malakasini oshirishni nazarda tutgan holda ilmiy sohada hamkorlikni yo’lga qo’yish istiqbollari muhokama qilindi. Eronning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan GTL texnologiyasidan foydalangan holda gaz kondensati va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish kabi ustuvor yo’nalishlarda faoliyat yurituvchi korxonalar xodimlarini tayyorlash dasturini birgalikda ishlab chiqish bo’yicha kelishuvga erishildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar sheriklik munosabatlarini davom ettirish hamda muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish uchun “Yo’l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldilar.

 

Manba: mift.uz