×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

O’zbekiston va Belorusiya o’rtasidagi ko’p qirrali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 24 avgust kuni hukumat delegatsiyasining tashrifi doirasida Minsk shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayevning Belarus Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Leonid Zayats bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligining joriy holati muhokama qilindi.

Suhbat davomida tomonlar O‘zbekiston va Belorussiya o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning bo‘lajak 9-yig‘ilishi doirasida yirik kelishuvlarga erishishdan o‘zaro manfaatdorligini bildirdilar. Bu, o‘z navbatida, savdo-iqtisodiy hamkorlik, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, transport, taʼlim, ilmiy-texnik faoliyat, madaniy-gumanitar hamkorlik va turizm sohalaridagi o‘zaro munosabatlarni kengaytirishga imkon beradi.

Joriy yil boshidan buyon oziq-ovqat mahsulotlari, rangli metalllar, to‘qimachilik, kimyo va neft mahsulotlari, yog‘och va qora metalllar o‘zaro yetkazib berish hisobiga tovar aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12 foizga o‘sib, 250 million dollardan oshdi. Yetkazilayotgan tovarlar nomenklaturasini yana-da kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish maqsadida tomonlar qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni imzolashga qaror qildilar va ikki mamlakat hududida savdo-logistika markazlarini, savdo uylarini va ular qoshida doimiy faoliyat ko‘rsatayotgan «shov-room»larni tashkil etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib oldilar.

Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Belarus kompaniyalariga farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonda belarus traktorlari, shuningdek, tijorat, yo‘l-qurilish va qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama yordam berishga tayyorlik bildirildi.

Tomonlar tayyor qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish uchun qo‘shma fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, shuningdek, «Agroexpress»loyihasining mavjud resurslari va imkoniyatlari asosida Belorussiya bozoriga o‘zbek meva-sabzavot mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.

Muzokaralar yakunida o‘zaro munosabatlarni chuqurlashtirish va erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.

 

Manba: mift.uz