×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

YeTTB bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 27 sentyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev YeTTB vitse-prezidenti Yurgen Rigterink boshchiligidagi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvda, shuningdek, YeTTB Bosh kotibi Koguchi Kazuxiko, Markaziy Osiyo va Mo’g’uliston bo’yicha YeTTB boshqaruvchi direktori Jujanna Xargitay va YeTTBning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati ishtirok etdi.

Suhbat davomida mazkur moliya muassasasi va O’zbekiston o’rtasida ustuvor yo’nalishlardagi hamkorlikni chuqurlashtirishning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, so’nggi ikki yil ichida YeTTB tomonidan kiritilgan mablag’lar bo’yicha mintaqa davlatlari orasida O’zbekiston birinchi o’rinda va 2021-yilda YeTTB tomonidan amalga oshirilgan investitsiyalar yo’nalishlarining beshligida ekanligi ta’kidlandi. Tomonlar, shuningdek, YeTTBning 2018-2023-yillarga mo’ljallangan Mamlakatlar strategiyasining Yangi O’zbekistonni 2022-2026-yillar mo’ljallangan taraqqiyot strategiyasi bilan muvofiqligini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Strategiyada xususiy sektorni rivojlantirishni qo’llab-quvvatlash, mintaqaviy va xalqaro hamkorlik va integratsiyani kengaytirish, ekologik toza energiya va resurs yechimlarini ilgari surish kabi yo’nalishlar aks etgan.

Investitsiyaviy hamkorlik masalalari ham ko’rib chiqildi. Xususan, 2018 yildan to hozirgi kungacha YeTTB O’zbekistonda energetika, suv ta’minoti va qattiq chiqindilarni qayta ishlash yo’nalishlarini rivojlantirish sohalarida 13 ta loyihani amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, ishlab chiqilayotgan yangi investitsiya loyihalari portfeli umumiy qiymati 924 million dollarlik ortiq 8 ta loyihadan iborat. Tomonlar joriy va yangi loyiha tashabbuslarini jadal rivojlantirish bo’yicha keyingi hamkorlik formatini belgilab oldilar.

O’zbekistonda davlat korxonalarini xususiylashtirish va kapital bozorini rivojlantirish kabi ustuvor iqtisodiy va tarkibiy islohotlarni YeTTB tomonidan qo’llab-quvvatlash istiqbollari muhokama qilindi. Mavzu bo’yicha olib borilgan muzokarada Bank rahbariyati mamlakatda amalga oshirilayotgan tarkibiy o’zgarishlarning izchilligi va o’z vaqtidaligini yuqori baholab, ularni ro’yobga chiqarish borasida o’zaro hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar, shuningdek, xalqaro tadbirlarni, jumladan, 2023-yilda Samarqandda bo’lib o’tadigan YeTTB Boshqaruvchilar Kengashining yillik yig’ilishini yuqori tashkiliy darajada o’tkazishga tayyorgarlik masalalarini ham ko’rib chiqdilar. Tadbirlarni eng yuqori tashkiliy va mazmun jihatidan yuksak darajada o’tkazish maqsadida YeTTB texnik missiyasi bilan yaqin hamkorlikni davom ettirish bo’yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida muzokaralar davomida ko’rib chiqilgan qo’shma dastur va tashabbuslarni ilgari surish bo’yicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.

 

Manba: mift.uz