×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

“Moody’s” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston suveren kredit reytingi bahosini “B1”dan “Ba3”ga oshirdi

Joriy yilning 20-yanvar kuni “Moody’s” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasiga bag‘ishlangan navbatdagi hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakatimizning kredit reyting bahosi “B1” (ijobiy kutilma)dan bir pog‘ona yuqoriga “Ba3” (barqaror kutilma)ga oshirildi.

Agentlik tomonidan kredit reyting bahosi ikki yilda bir marta qayta baholanadi va yil davomida agentlik bilan uchrashuvlarda vazirlik va idoralar tomonidan respublikadagi so‘nggi makroiqtisodiy o‘zgarishlar va amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha ma’lumot berib boriladi.

Qayd etish joizki, 2022 yil davomida “Moody’s” tomonidan 36 ta mamlakatning reyting bahosi yoki reyting kutilmasi pasaytirilgan.

Agentlik O‘zbekiston reytingi bahosining oshirilishi bo‘yicha qarorini quyidagilar bilan izohlagan:

· O‘zbekiston tomonidan 2017-2021 yillarda muhim islohotlarning amalga oshirilgani, erkin bozor tomon dadil qadam tashlangani, muhim qonunlar (Davlat xaridlari va Davlat qarzi qonunlari, Mehnat kodeksi) ishlab chiqilgani va qabul qilinayotgani, narxlarni erkinlashtirish davom etayotgani;

· 2020-2022-yillardagi tashqi shoklarga qaramay, O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish sur’atlari yuqoriligi hamda fiskal (mo‘tadil davlat qarzi) va tashqi sektor (xalqaro zaxiralar) ko‘rsatkichlari mustahkam darajada saqlangani natijasida iqtisodiyotning barqarorligi va siyosat yuritish samaradorligining yaxshilangani;

· 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot Strategiyasiga ko‘ra, yirik davlat korxonalari aksiyalarini birlamchi joylashtirilishi (IPO) va davlat korxonalari va banklari xususiylashtirilishining O‘zbekiston korxonalari unumdorligi va raqobatbardoshligini yaxshilashi bo‘yicha agentlikning kutilmasi;

· Markaziy bankning inqiroz davrida tezkor choralar ko‘rgani (asosiy foiz stavkaning 17 foizga oshirilgani), milliy valyuta almashuv kursining inqiroz davrida barqaror ekani, inflyatsiyaning pasayish kutilmalari;

· Ichki moliya bozorining, xususan davlat qimmatli qog‘ozlar bozorining rivojlanayotgani (5-10 yillik va 2 yillik inflyatsiyaga bog‘langan obligatsiyalarning chiqarilgani), chet el investorlarining ichki moliya bozoriga jalb qilish bo‘yicha faol ishlarning amalga oshirilayotgani;

· Fiskal siyosatdagi yutuqlar, jumladan davlat qarzining YaIMga nisbatan 60 foizlik yuqori chegarasi, yangi jalb qilinadigan davlat qarziga yillik limitlar belgilanishi, fiskal statistikasi shaffofligining ortgani;

· Tashqi shok tufayli yuzaga kelgan salbiy oqibatlarni kamaytirish uchun ko‘rilgan maqsadli choralar, jumladan, import qilinadigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari uchun nol bojxona stavkasi, pensiya va ish haqi oshirilgani, bir martalik yordam berilgani va boshqalar.

Agentlikka ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi 5,0 foizni tashkil qilishi prognoz qilinmoqda.

“Moody’s” hisobotida respublika kredit reytingini oshiruvchi omillar sifatida quyidagilar sanab o‘tilgan:

· Davlatning fiskal holatiga putur yetkazmasdan iqtisodiyot va moliya sektorida mustahkam raqobat muhitining yaratilishiga qaratilgan murakkab islohotlar amalga oshirilsa;

· Fiskal defitsitini moliyalashtirish uchun ichki imkoniyatlarni safarbar etish, milliy valyutada qarz jalb qilishning rivojlantirilishi orqali defitsitni moliyalashtirish uchun davlat tashqi qarziga bog‘liqlik kamaytirilsa.

Respublika kredit reytingini pasaytiruvchi omillar sifatida quyidagilar qayd etilgan:

· Agentlik kutilmalariga nisbatan joriy tashqi shokning real iqtisodiy o‘sish sur’atlarini doimiy ravishda sekinlashtirishi va fiskal ko‘rsatkichlarni zaiflashtirishi natijasida makroiqtisodiy barqarorlik bilan bog‘liq xatarlar ortsa;

·  Joriy operatsiyalar hisobi defitsitining ortishi hamda xorijiy investitsiyalarning mutanosib ravishda oshmasligi mamlakat tashqi pozitsiyasiga xavf solsa.

 

Manba: www.uzdaily.uz