×

Версия для слабовидящих

Call-center
+998 (71) 202-02-10

Mamlakatning sanoat salohiyatini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

Joriy yilning 4-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov raisligida videokonferensaloqa tarzida sanoatni kompleks rivojlantirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va respublika hududlarida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Vazirlik rahbar va xodimlari hamda tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy hokimliklar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda mamlakatimizda sanoat siyosatini amalga oshirishda zamonaviy me’yoriy-huquqiy bazani shakllantirish, mamlakat sanoatini rivojlantirish Strategiyasini ishlab chiqish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangilarini ishga tushirishni jadallashtirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish, kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish kabi zarur choralardan iborat kompleks yondashuv muhimligiga e’tibor qaratildi.

Hududlarga biriktirilgan Ishchi guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, ularga joylarda chiqqan holda, faoliyat yuritayotgan 1300 dan ortiq korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda chiqarilayotgan mahsulotlar hajmini oshirish imkoniyatlari bo‘yicha o‘rganish o‘tkazish va takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, Ishchi guruhlarga qiziqish bildirgan mahalliy tadbirkorlarni jalb qilgan holda turli sohalarda 1100 dan ortiq yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini o‘rganish topshirildi. Bundan tashqari, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan masalalarni, jumladan, zamonaviy asbob-uskunalar yetkazib berish va o‘rnatish bilan bog‘liq muammolarni aniqlash maqsadida 2 mingga yaqin investitsiya loyihasi o‘rganiladi.

Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar alohida ko‘rib chiqildi. Vazirlikning hududlarga biriktirilgan vakillariga sanoat zonalardagi joriy holat, jumladan, kommunal tarmoqlarga ulanganligini, ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanayotganligini, ob’ektlarni yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlarni shakllantirish zanjiriga jalb qilinganligi yuzasidan o‘rganish o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, ISSV vakillariga hududlarda 68 ta yangi yirik sanoat loyihasini amalga oshirish choralarini tahlil qilish va aniq chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqish topshirildi.

Vazirlik Ishchi guruhlarining hududlardagi faoliyati yakunlari bo‘yicha 2023-yilda sanoatni jadal rivojlantirish chora-tadbirlarini o‘z ichiga olgan Dastur tayyorlanadi.

“Sanoat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, “O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirish Strategiyasi” loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, yirik ishlab chiqarish korxonalari qoshida mutaxassislar nazariy bilimlarni olish va amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishlari mumkin bo‘lgan muhandis kadrlar tayyorlash maktablarini tashkil etish choralari vazirlik faoliyatining alohida yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha Ishchi guruhlar vakillariga belgilangan vazifalar ijrosini samarali ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

 

Manba: mift.uz